O‘zbekiston va Misr sherikligi yangi bosqichga chiqmoqda
Qohirada bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi muhim uchrashuvda ikki tomonlama aloqani chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va mintaqaviy kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Misr Arab Respublikasi Bosh vaziri Mustafo Kamol Madbuli o‘rtasida kechgan samarali va sermazmun muloqot avvalida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Prezident Abdulfattoh as-Sisiga yo‘llagan samimiy salomi va eng ezgu tilaklari yuksak mamnuniyat bilan yetkazildi.
Uchrashuv davomida keng qamrovli sheriklikni yanada rivojlantirishga oid dolzarb masalalar atroflicha tahlil qilindi. Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqani jadallashtirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, transport-logistika yo‘nalishlarini takomillashtirish hamda o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratdilar. Shuningdek, madaniy-gumanitar, ta’lim va diniy-ma’rifiy sohalardagi aloqalarni mustahkamlash orqali ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash bo‘yicha fikr almashildi.
Muzokara chog‘ida mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi muhim masalalar ham diqqat markazida bo‘ldi. Xalqaro siyosat doirasida O‘zbekiston tomoni Misrning Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, mintaqaviy mojarolarni faqat siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etish borasidagi qat’iy va samarali sa’y-harakatini yuqori baholashi alohida ta’kidlandi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA