O‘zbekiston va Albaniya: Xaritada uzoq, manfaatda yaqin hamkorlar
Jahon siyosatini kuzatar ekanmiz, davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar aksar hollarda geografik yaqinlik, umumiy chegaralar yoki tarixiy aloqalar bilan izohlanadi, biroq zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimida bunday an’anaviy mezonlar tobora o‘z ahamiyatini yo‘qotib bormoqda. Bugun davlatlarni birlashtirayotgan omillar xaritadagi masofa emas, balki strategik manfaatlar, iqtisodiy ehtiyojlar va kelajakka qaratilgan pragmatik yondashuvdir.
Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston va Albaniya munosabatlari alohida tahlil talab qiladi. Bir qarashda Markaziy Osiyo va Bolqon yarim oroli o‘rtasidagi aloqalar muhim geosiyosiy mavzudek ko‘rinmasligi mumkin, ammo chuqurroq nazar tashlansa, hamkorlik istiqboli keng ekani namoyon bo‘ladi.
Muayyan o‘xshashlik
O‘zbekiston ham, Albaniya ham keyingi yillarda tashqi dunyoga ochilish yo‘lini tanladi. Albaniya Yevropa integratsiyasi yo‘liga kirdi, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ochiqlik va yaxshi qo‘shnichilik siyosati orqali mintaqaviy hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi. Bu jarayon shaklan turlicha bo‘lsa-da, mazmunan bir-biriga yaqin: ikkala mamlakat tashqi siyosatni iqtisodiy taraqqiyotning muhim vositasi sifatida qabul qilgan.
Bolqon va Markaziy Osiyo: Yangi transport ko‘prigi shakllanmoqda
O‘zbekiston – quruqlik bilan o‘ralgan davlat. Albaniya esa Adriatika va Ioniya dengizlariga chiqish imkoniga ega. Ilgari bu holat ikki davlatni bir-biridan uzoqlashtiruvchi omil sifatida baholangan, bugun esa hamkorlik imkoniyatiga aylanmoqda.
Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi yangi logistika yo‘laklari shakllanmoqda. Transkaspiy yo‘nalishi, Kavkaz orqali o‘tadigan savdo yo‘li va Bolqon transport tarmog‘i rivojlanishi natijasida Markaziy Osiyo mahsulotlarini Janubiy Yevropa bozoriga olib chiqish uchun yangi imkoniyat paydo bo‘lmoqda.
Bu borada Albaniyaning ahamiyati ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi. Aksar tahlilchilar Italiya, Gretsiya yoki Turkiya haqida gapiradi. Binobarin, Adriatika sohilida joylashgan bu davlat ham kelajakda Markaziy Osiyodan keladigan yuk uchun muhim tranzit nuqtasiga aylanishi mumkin. Demak, O‘zbekiston uchun Albaniya shunchaki kichik mamlakat emas, balki Yevropa janubiga chiqish imkoniyatini kengaytiruvchi strategik halqa sifatida ko‘riladi.
Turizm – hali kashf etilmagan yo‘nalish
O‘zbekiston va Albaniya haqida gap ketganda, ko‘pchilik iqtisodiyot yoki siyosatga e’tibor qaratadi. Vaholanki, ikki mamlakatni yaqinlashtirishi mumkin bo‘lgan qiziq sohalardan biri aynan turizmdir. So‘nggi o‘n yillikda Yevropadagi eng tez rivojlanayotgan sayyohlik yo‘nalishi hisoblangan Albaniya sohili, tog‘li hududi va madaniy merosi chet elliklar e’tiborini tobora ko‘proq jalb qilmoqda. O‘zbekiston esa Buyuk Ipak yo‘li sivilizatsiyasi markazi sifatida dunyoga tanilmoqda.
Mamlakatlarimiz bu sohasida raqobatchi emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi hisoblanadi. Zamonaviy sayyoh faqat dam olish emas, balki turli sivilizatsiyalarni bir safar davomida kashf etishni istaydi. Shu nuqtai nazardan Samarqand, Buxoro va Xivadan boshlangan madaniy marshrutni Bolqon bilan bog‘lash g‘oyasi kelajakda yangi turistik mahsulotlarni shakllantirishi mumkin. Bu hozircha keng muhokama qilinmagan, ammo yuqori iqtisodiy samara berishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlardan biridir.
Kichik davlatlar diplomatiyasi
XXI asr tajribasi ko‘rsatmoqdaki, o‘rta va kichik davlatlar ham tashqi siyosatda yuqori darajadagi faollik orqali o‘z milliy manfaatini samarali himoya qila oladi. O‘zbekiston va Albaniya aynan shu nuqtada bir-biri uchun qiziq tajriba manbai bo‘la oladi. Ikkala mamlakat ham turli geosiyosiy markazlar o‘rtasida muvozanat saqlash, tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish va milliy manfaatlarga asoslangan pragmatik siyosat yuritishga intilayotgan davlatlar qatoriga kiradi. Bu esa munosabatlarning an’anaviy diplomatik muloqot doirasidan chiqib, tajriba almashish va institutsional hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish uchun asos yaratadi.
Bir qarashda O‘zbekiston va Albaniya munosabatlari xalqaro siyosatning markaziy mavzularidan biri emasdek tuyulishi mumkin, ammo zamonaviy dunyoda davlatlarning ahamiyati hududi yoki aholi soni bilan emas, balki taklif qilayotgan imkoniyatlari bilan o‘lchanmoqda. Shu nuqtai nazardan Toshkent va Tirana hamkorligi hali to‘liq anglab yetilmagan salohiyatga ega.
Albaniya – O‘zbekiston uchun Yevropa bilan ishlashning noodatiy laboratoriyasi
Odatda O‘zbekistonning Yevropa yo‘nalishidagi tashqi siyosati haqida gap ketganda Germaniya, Fransiya yoki Italiya tilga olinadi, biroq ba’zan yirik davlatlar emas, balki nisbatan kichik mamlakatlar yangi g‘oya va modellarni tezroq sinovdan o‘tkazish imkoniga ega. Albaniya aynan shunday davlatlar sirasiga kiradi.
So‘nggi yillarda mamlakat raqamlashtirish, davlat xizmatini elektron shaklga o‘tkazish va investitsiya muhitini liberallashtirish bo‘yicha jiddiy islohot amalga oshirdi. Bu jarayon yirik iqtisodiy resurs emas, balki boshqaruv samaradorligiga tayangan holda kechdi. O‘zbekiston ham davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish bosqichida turgan bir payt Albaniya tajribasi ayrim sohalarda foydali amaliy model sifatida o‘rganilishi mumkin. Bu yerda gap tayyor andozani ko‘chirish haqida emas. Masala – cheklangan resurslar sharoitida qanday qilib tezkor institutsional o‘zgarishlarga erishish mumkinligida.
Bolqon tajribasi: mintaqaviy hamkorlik qiymati
Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabat yangi bosqichga chiqib borayotgan bir payt Bolqon mintaqasi tajribasi alohida ahamiyat kasb etadi. Bu hudud tarixan murakkab siyosiy jarayon, chegaraviy bahs va turli geosiyosiy ta’sirlar kesishgan makon hisoblanadi. Shuning uchun bugun Albaniya ishtirok etayotgan mintaqaviy hamkorlik formatlari Markaziy Osiyo uchun qiziq amaliy tajriba vazifasini o‘tashi mumkin. E’tiborli jihat shundaki, Bolqon davlatlari iqtisodiy hamkorlikni siyosiy kelishmovchilikdan yuqori qo‘yish orqali ko‘plab muammolarni yumshatishga erishdi. Bunday yondashuv Markaziy Osiyo uchun ham dolzarb ahamiyatga ega. O‘zbekiston tashqi siyosatida mintaqa davlatlari bilan ishonch muhitini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu nuqtai nazardan Bolqon davlatlari bosib o‘tgan yo‘lni o‘rganish kelgusida yangi g‘oyalar manbaiga aylanishi mumkin.
Ta’lim diplomatiyasi – nisbatan xolis baholanmagan yo‘nalish
O‘zbekiston – Albaniya munosabatida inson kapitali masalasi hali yetarli muhokama qilinmagan. Holbuki, XXI asr diplomatiyasida talabalar, tadqiqotchilar va ilmiy markazlar ko‘pincha rasmiy diplomatik institutlardan ham kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi. Bugun O‘zbekistonda Bolqon mamlakatlarini o‘rganishga ixtisoslashgan ilmiy tadqiqot soni cheklangan. Markaziy Osiyoga nisbatan xuddi shunday holat Albaniyada ham kuzatiladi. Bu esa hamkorlik uchun qiziq imkoniyat yaratadi. Masalan, qo‘shma tadqiqot dasturlari, tarixiy meros bo‘yicha akademik loyihalar yoki yosh tadqiqotchilar almashinuvi ikki davlat o‘rtasida yangi intellektual ko‘prik shakllantirishi mumkin. Ko‘pincha siyosiy munosabat hukumatlar almashishi bilan o‘zgaradi. Ilmiy va ta’lim aloqalari esa ancha uzoq muddatli ta’sirga ega.
Ikki mamlakatni bog‘laydigan kutilmagan omil – yoshlar siyosati
O‘zbekiston va Albaniya tashqi siyosiy kun tartibida kam muhokama qilinadigan yana bir umumiy nuqta mavjud. Bu – yoshlar omili. Har ikki mamlakatda aholining salmoqli qismi yoshlar. Bandlik, ta’lim, startap, raqamli ko‘nikma va innovatsiya davlat siyosatida muhim o‘rin tutadi.
Dunyo tajribasi ko‘rsatmoqdaki, kelajakda davlatlar o‘rtasidagi munosabat faqat tashqi ishlar vazirliklari orqali emas, balki universitetlar, startap ekotizimlari va yoshlar tashkilotlari orqali ham rivojlanadi. Shu ma’noda O‘zbekiston va Albaniya hamkorligining eng istiqbolli sohalaridan biri aynan yoshlar diplomatiyasi bo‘lishi mumkin. Bu hozircha keng muhokama qilinmagan, ammo uzoq muddatli strategik ahamiyatga ega yo‘nalish.
Kichik kun tartibi ortida katta imkoniyat
Xullas, O‘zbekiston va Albaniya munosabati kelajak diplomatiyasining muhim xususiyatini namoyon etadi. Zamonaviy dunyoda davlatlar faqat yirik sheriklar bilan emas, balki yangi bozor, g‘oya va mintaqalar bilan aloqani kengaytirish orqali tashqi siyosat imkoniyatini oshirmoqda.
Toshkent va Tirana o‘rtasidagi aloqalarga ayni shu nuqtai nazardan qaralsa, bu hamkorlik ikki davlatning hozirgi imkoniyatidan ko‘ra kelajakdagi ehtiyoji bilan ko‘proq bog‘liqligi ko‘rinadi. Ba’zan eng istiqbolli yo‘nalishlar shov-shuvli tashabbusdan emas, balki hali to‘liq kashf etilmagan nuqtalardan boshlanadi. O‘zbekiston va Albaniya munosabati mavzusi aynan shunday bo‘lishi mumkin.
Musulmon Ziyo, O‘zA