O‘zbekiston va Litva: o‘zaro manfaatli tashabbuslarni parlamentlar qo‘llab-quvvatlaydi
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev boshchiligidagi Oliy Majlis delegatsiyasi Litva Respublikasida bo‘ldi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston va Litva o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlar a’zolarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston Oliy Majlisi va Litva Seymi o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda mamlakatimizning xorijiy davlatlar parlamentlari bilan aloqalari yangi mazmun bilan boyib, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Shu nuqtai nazardan ikki davlat hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhlar faoliyatini yanada faollashtirish, muntazam uchrashuv va muzokaralarni yo‘lga qo‘yish, qonunchilik sohasida tajriba almashish hamda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda parlament nazorati, qonunchilikni takomillashtirish, hududlarni rivojlantirish, ekologiya va atrof - muhitni muhofaza qilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish kabi yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish muhimligi qayd etildi.
Ikki davlat o‘rtasida do‘stona munosabatlarni izchil rivojlantirishda parlamentlararo hamkorlik guruhlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish, o‘zaro tashriflarni muntazam tashkil etish va amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Tashrif mobaynida O‘zbekiston va Litva parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda parlamentlararo aloqalarni faollashirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA