Forishda yangi shaharcha barpo etiladi
Jizzax viloyatining tog‘ va adirlar bag‘rida, keng dashtliklarida joylashgan Forish tumanida aholi uchun munosib turmush muhitini shakllantiradigan, uy-joy, ijtimoiy ob’ektlar va muhandislik infratuzilmasini yagona majmuaga birlashtiradigan yirik shaharsozlik loyihasi amalga oshirilmoqda.
Tumanning “Xonbandi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 50 gektar maydonni qamrab oluvchi zamonaviy shaharcha barpo etish ishlarining boshlangani ana shu ezgu maqsadning amaliy ifodasidir. Loyiha qiymati 1 trillion 295 milliard so‘m bo‘lib, uning ko‘lami raqamlardagina emas, balki kelajakda bu hududda qaror topadigan yangi hayot tarzida namoyon bo‘ladi.
Bosh rejaga ko‘ra, yangi shaharchada jami 74 ta ko‘p qavatli turar joy binosi qad rostlaydi. Ularning 51 tasi 5 qavatli, 23 tasi esa 7 qavatli bo‘ladi. Natijada 3 ming 17 ta xonadon uchun zamonaviy va qulay yashash sharoiti yaratiladi. Shundan 2 xonali xonadonlar 2 ming 185 ta, 3 xonali xonadonlar esa 832 tani tashkil etadi. Turar joylarning umumiy maydoni 159 ming 500 kvadrat metr.

Biroq shaharcha tushunchasi faqat uy-joylar bilan cheklanmaydi. Zero, odamga faqat uy emas, avvalo, munosib hayot muhiti kerak. Shu bois loyihada jami 10 ming 500 kvadrat metr noturar joy maydonlarini barpo etish, zarur ijtimoiy ob’ektlar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, sport hamda obodonlashtirish hududlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Loyiha ma’lumotlarida ijtimoiy soha ob’ektlariga 152 milliard so‘m, muhandislik tarmoqlariga esa 214 milliard so‘m yo‘naltirilishi belgilangan. Turar joylar qurilishi uchun 929 milliard so‘m sarflanadi. Bu raqamlarning har biri bir maqsadga – yangi shaharchada inson uchun zarur sharoitlarni uy-joydan tortib muhandislik kommunikatsiyalarigacha yaxlit holda yaratishga xizmat qiladi.

Bosh rejada hududni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirishga alohida o‘rin berilganini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Yangi uylar orasida yashil maydonlar, bolalar va sport maydonchalari, piyodalar uchun qulay yo‘laklar tashkil etilishi shaharchani shunchaki binolar jamlanmasi emas, balki yashash uchun qulay maskanga aylantirish imkonini beradi.
Bu jihat, ayniqsa, muhim. Chunki zamonaviy shaharsozlikda uylarni baland qilib qurishning o‘zi yetarli emas. Uy bilan maktab, poliklinika, sport maydoni, yo‘l, ichimlik suvi, elektr energiyasi va boshqa kommunikatsiyalar o‘zaro uyg‘un bo‘lsagina hudud haqiqiy shahar muhitiga ega bo‘ladi. Forishdagi loyiha ham ana shu kompleks yondashuv asosida shakllantirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24 fevraldagi “Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham aholini zamonaviy uy-joy bilan ta’minlash, ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish va sohada kompleks yondashuvni kuchaytirishga ustuvor vazifa sifatida qaralgan. Hujjatda belgilangan vazifalarning joylardagi amaliy ifodasi sifatida uy-joy bilan birga infratuzilma va ijtimoiy ob’ektlarni qamrab olgan loyihalarning hayotga tatbiq etilayotgani muhim ahamiyat kasb etadi.
Forishda boshlangan qurilishni ham ana shu jarayonning bir bo‘lagi sifatida baholash mumkin. E’tiborlisi, bu yerda loyihalashdan tortib qurilishgacha bo‘lgan jarayon shaharsozlik me’yorlari va zamonaviy talablar asosida tashkil etilmoqda.

Yangi shaharchaning yana bir muhim jihati, uning tuman hayotiga ta’siri. Yirik qurilish jarayonining o‘zi yangi mehnat imkoniyatlarini yuzaga keltiradi. Keyinchalik uy-joylar, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, ijtimoiy muassasalar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi bilan bu hududda iqtisodiy faollik ham ortadi. Bu esa aholi bandligi va daromadlarini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Forishdagi “Xonbandi” hududi bugun qurilish maydoni bo‘lishi mumkin. Ammo bosh reja chiziqlarida allaqachon ertangi shaharning qiyofasi ko‘rinib turibdi: 74 ta ko‘p qavatli uy, ijtimoiy ob’ektlar, muhandislik tarmoqlari va obod yashil hududlar...

Bu raqamlarning ortida inson taqdiri, oila farovonligi va munosib yashash istagi mujassam. Shu ma’noda Forishda barpo etilayotgan zamonaviy shaharcha tumanning bugungi qiyofasini emas, uning ertangi manzarasini belgilaydigan ulkan bunyodkorlik qadamidir.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri