O‘zbekiston va Koreya tog‘-kon sanoatidagi hamkorlikni kengaytiradi
Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish O‘zbekistonning mazkur yo‘nalishdagi ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Bu borada Koreya Respublikasi bilan yo‘lga qo‘yilgan sheriklik munosabatlari sohani yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Ana shu maqsadlar doirasida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Von Do Yon hamda “KEXIM” bankning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kang Sangjin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma’lum qildi.
Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, tog‘-kon sanoati va geologiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda ilg‘or tajriba va texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, uchrashuvda yaqin istiqbolda rejalashtirilgan qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish va istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA