“Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” doirasida qariyb 350 ekologik huquqbuzarlik aniqlandi
Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida ekologik tartibni ta’minlash, daraxtlarning noqonuniy kesilishining oldini olish hamda chiqindilar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni bartaraf etishga qaratilgan tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.
O‘rganishlar davomida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Ekopolitsiyasi hamda uning hududiy bo‘linmalari tomonidan daraxtlarni noqonuniy kesish va shikastlash bilan bog‘liq 62 holat aniqlandi. Huquqbuzarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 79-moddasi talablari asosida ma’muriy jarimalar qo‘llanildi hamda atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori hisoblab chiqildi.

Jumladan, 3-avgust kuni daraxtlarni noqonuniy kesish va shikastlash bilan bog‘liq 5 holat qayd etilib, aybdorlarga nisbatan ma’muriy jarimalar belgilandi. Ushbu huquqbuzarliklar Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida aniqlandi.
Shuningdek, chiqindilar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hisobot davri boshidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 91-moddasi asosida chiqindilar bilan muomala qilish qoidalarini buzganlik uchun 285 holatda ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.

Xususan, joriy yil 3-avgustning o‘zida chiqindilar bilan muomala qilish qoidalarini buzish bo‘yicha 17 holat aniqlandi. Mazkur huquqbuzarliklar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlari, shuningdek Toshkent shahrida qayd etildi.
Qayd etish lozimki, daraxtlarni noqonuniy kesish, ularga shikast yetkazish hamda chiqindilar bilan muomala qilish qoidalariga rioya etmaslik atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazadi va amaldagi qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Ekologik huquqbuzarliklarni aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan nazorat tadbirlari respublikaning barcha hududlarida davom ettirilmoqda. Ushbu tadbirlarning asosiy maqsadi ekologik xavfsizlikni ta’minlash, yashil hududlarni asrab-avaylash, aholi punktlarida tozalikni saqlash hamda "Mahallada Obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishdan iborat.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA