O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida ekologiya sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov boshchiligidagi delegatsiya hamda Gruziya Atrof-muhitni muhofaza qilish va qishloq xo‘jaligi vaziri birinchi o‘rinbosari Nino Tandilashvili rahbarligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensiya formatida o‘tgan uchrashuv 2026-yil 3-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi doirasida imzolangan ekologiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlandi.
Tomonlar Memorandumni amalga oshirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”ni tayyorlashni muhokama qilib, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldi. Xususan, chiqindilarni boshqarish sohasidagi hamkorlik, jumladan, chiqindilarni alohida yig‘ish, saralash va qayta ishlash bo‘yicha Gruziya tajribasini o‘rganish, shuningdek, chiqindilarni qayta ishlash orqali energiya ishlab chiqaruvchi zamonaviy majmualarni barpo etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimini amalga oshirish doirasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, issiqxona gazlari tashlamalarini kamaytirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish hamda iqlimni moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, GEF, GCF, BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) va Yevropa Ittifoqi kabi xalqaro moliyaviy institutlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlikda qo‘shma ekologik va iqlim loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.
Yakunda Memorandum qoidalarini izchil amalga oshirishni muvofiqlashtirish maqsadida qo‘shma ishchi guruh tuzish, milliy koordinatorlarni tayinlash hamda muntazam ekspert maslahatlashuvlarini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohalarida O‘zbekiston–Gruziya hamkorligini yanada rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini yana bir bor tasdiqladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA