Xorijiy farmatsevtika kompaniyalari vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Prezidentimizning tadbirkorlar bilan joriy yilgi ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazida chet el farmatsevtika kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilarining O‘zbekistondagi vakolatxonalari vakillari bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Unda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov boshchiligida muassasa rahbariyati va mutaxassislari, shuningdek, mamlakatimizda faoliyat yurituvchi xorijiy farmatsevtika kompaniyalari hamda ishlab chiqaruvchilarining rasmiy vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida farmatsevtika mahsulotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning amaldagi tartibi, "Darmon" axborot tizimi orqali arizalarni elektron shaklda taqdim etish, hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlari, Markaz huzuridagi qo‘mitalar tomonidan amalga oshiriladigan ekspertiza bosqichlari, shuningdek, mazkur yo‘nalishda joriy etilgan yangiliklar va amaldagi qonunchilik talablari yuzasidan fikr almashildi.
Xorijiy farmatsevtika kompaniyalari vakillari o‘z faoliyati davomida duch kelayotgan ayrim masalalar hamda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonlariga oid taklif va mulohazalarini bildirdi. Ularni qiziqtirgan barcha savollarga Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi mutaxassislari tomonidan amaldagi qonunchilik asosida batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, tadbir davomida ilgari surilgan taklif va murojaatlar tizimli ravishda o‘rganilib, ularni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishi qayd etildi. Tadbir davomida davlat organlari va biznes vakillari o‘rtasidagi ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, sohadagi mavjud muammolarni bevosita tadbirkorlar ishtirokida muhokama qilish hamda ularning yechimlarini birgalikda ishlab chiqish farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishning muhim omillaridan biri ekani ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, bunday uchrashuvlar Prezidentimizning tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb etish va qulay biznes muhitini yaratishga qaratilgan siyosati ijrosini ta’minlash bilan birga, mahalliy va xorijiy farmatsevtika kompaniyalari bilan samarali hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA