O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning yangi ufqlari
Bugun Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babish rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keladi. Toshkentdagi bo‘lajak muzokaralar so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Chexiya hamkorligi barqaror rivojlanayotganini aks ettirib, ikki tomonlama muloqot amaliy sheriklikning mazmunan yangi bosqichiga o‘tayotganidan dalolat beradi. Ya’ni, aloqalarning hozirgi yuqori sur’ati so‘nggi o‘n yilliklar davomida izchil rivojlangan o‘zaro munosabatlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.
O‘tgan davr mobaynida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar bayonotlar darajasidagi aloqalardan siyosiy muloqot, savdo, investitsiyalar va madaniy-gumanitar almashinuvni qamrab oluvchi tizimli hamkorlikka aylandi. Chexiya O‘zbekistonning Markaziy Yevropadagi sheriklari orasida alohida o‘rin egallaydi.
Ta’kidlash joizki, munosabatlarimizning poydevori mustaqillikning ilk yillaridanoq shakllana boshlagan. Ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1993-yil 1-yanvarda o‘rnatilgan. Ko‘p o‘tmay, Chexiya Respublikasi birinchilardan bo‘lib Toshkentda o‘z savdo vakolatxonasini ochdi va u 1994-yil noyabr oyida elchixonaga aylantirildi. Keyingi o‘n yilliklar davomida tomonlar shartnomaviy-huquqiy bazani izchil shakllantirdi, parlamentlararo aloqalarni yo‘lga qo‘ydi, idoralararo aloqalar mexanizmlarini rivojlantirib, keng qamrovli hamkorlikka zamin yaratdi.
2023-yilda o‘zaro munosabatlar tarixida sifat jihatidan burilish yuz berdi. Bosh vazirlar darajasidagi o‘zaro tashriflar, ya’ni aprel oyida Chexiya Bosh vaziri P.Fialaning Toshkentga, oktabrda esa O‘zbekiston Bosh vaziri A.Aripovning Pragaga tashrifi aloqalarni yangi mazmun va sur’at bilan boyitdi. Muzokaralar yakunida kelgusi yillarga mo‘ljallangan sheriklik yo‘nalishlarini belgilab beruvchi “Kengaytirilgan hamkorlik to‘g‘risida”gi Davlatlararo qo‘shma deklaratsiya qabul qilindi.
2024-yil oktabr oyida esa Chexiya TIV rahbari Ya.Lipavskiy Toshkentga tashrif buyurdi, 2025-yil sentabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Prezidenti Petr Pavel BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasi doirasida uchrashdilar. Muloqot chog‘ida tomonlar investitsiyalar, transport, innovatsiyalar va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi aloqalarni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratdilar.
2025-yil fevral oyida Oliy Majlisning har ikki palatasida O‘zbekiston-Chexiya parlamentlararo guruhlarining takshil etilishi muhim institutsional qadam bo‘ldi. Bunday tuzilmalar parlament vakillari darajasidagi muloqotning uzluksizligini ta’minlab, qonunchilik sohasidagi aloqalarni mustahkamlash va shartnomaviy-huquqiy bazani kengaytirish uchun sharoit yaratadi.
Siyosiy faollik savdo-iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish uchun ham mustahkam zamin yaratdi. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 189,7 million dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan biroz pasaygan bo‘lsa-da, 2018 yilgi raqamlardan uch barobar yuqori bo‘lib, umumiy uzoq muddatli o‘sish tendensiyasini aks ettiradi. 2025-yil mart oyida Pragada o‘ninchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya ijobiy sur’atni saqlab qolishning tizimli vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Aynan ushbu mexanizm orqali tomonlar ishbilarmonlik doiralarining ishtirokini izchil kengaytirib bormoqda.
Natijada bugungi kunda O‘zbekistonda Chexiya sarmoyasi ishtirokida 40 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda va bu ko‘rsatkich yildan-yildan ortmoqda. “Škoda Group”ning O‘zbekistonda temiryo‘l poyezdlarini mahalliy sharoitda yig‘ish va unga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma korxona ochish, shuningdek soha mutaxassislarini tayyorlash uchun “Škoda Academy” faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalar Chexiya biznesining mamlakatimizga katta qiziqish bildirayotganiga misol bo‘la oladi.
Sanoat va savdo bilan bir qatorda, Chexiya biznesi sog‘liqni saqlash sohasiga ham faol kirib bormoqda. Ushbu mamlakat farmatsevtika kompaniyalari bilan aloqalar barqaror tus olmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston bozorida Chexiyaning ko‘plab dori vositalari va zamonaviy tibbiy uskunalari bor.
Chexiya biznesining qiziqishi davlat darajasidagi tizimli qo‘llab-quvvatlash bilan mustahkamlanmoqda – Chexiya O‘zbekistonning shu yil kutilayotgan JSTga a’zoligini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. Tashkilotga qo‘shilish xorijiy investorlar uchun yangi imkoniyatlar ochib, tovar ayirboshlashni kengaytirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratadi.
Gumanitar hamkorlik uzoq vaqt davomida shakllangan bo‘lib, shu bois o‘zaro munosabatlarning eng mustahkam yo‘nalishlaridan hisoblanadi. 2003-yilda Termiz davlat universiteti va Karl universiteti Surxondaryo viloyatida qo‘shma arxeologik ekspeditsiya boshlagan edi. Yigirma yillik faoliyat davomida bronza va temir davriga oid ilgari noma’lum bo‘lgan yodgorliklar topildi. Ko‘p yillik tadqiqotlar chog‘ida to‘plangan noyob topilmalar 2023-yil aprel oyida Bosh vazir P.Fialaning tashrifi doirasida Toshkentda bo‘lib o‘tgan ko‘rgazmasida namoyil etildi.
Madaniy sohadagi hamkorlik yangi loyihalar bilan boyib bormoqda. Chexiya musiqa jamoalari muntazam ravishda Samarqanddagi “Sharq taronalari” festivalida ishtirok etadi, Pragadagi Chexiya-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati esa ko‘p yillardan buyon xalq diplomatiyasining jonli maydoni bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.
Ilm-fan va ta’lim sohasidagi hamkorlik ham jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlardan hisoblanadi. M.Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi va boshqa qator oliy ta’lim muassasalari Karl universiteti, Komenskiy universiteti, Chexiya agrotexnika universiteti va Mendel universiteti bilan qo‘shma dasturlarni amalga oshirmoqda.
Yurtimiz yoshlarining Chexiyada ta’lim olishga qiziqishi ortib bormoqda – so‘nggi 5 yilda Chexiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni ikki baravarga ko‘payib, 700 nafarga yaqinlashdi. Chexiya hukumati fuqarolarimizga bakalavriat, magistratura va doktoranturada o‘qish imkonini beruvchi yillik stipendiya dasturi taqdim etayotgani buning asosiy sabablaridan biri hisoblanadi.
Ikki mamlakat o‘rtasida mehnat mobilligi ham rivojlanmoqda. Bugungi kunda 3 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarosi ushbu mamlakatda sanoat, qurilish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida mehnat qilmoqda. Yillik 150 ta mehnat vizasi kvotasi esa har ikki tomonning tartibli mehnat mobilligini yo‘lga qo‘yishga tizimli yondashayotganidan dalolat beradi.
Bunday ko‘p qirrali hamkorlik sharoitida asosiy yo‘nalishlardagi istiqbollarni inobatga olgan holda ikki tomonlama muloqotning istiqboldagi ustuvor vazifalarini belgilashbirinchi darajali masala hisoblanadi.
Birinchidan, Pragada O‘zbekiston Respublikasi elchixonasining ochilishi aloqalarni jadallashtirish, diplomatik ishtirokni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni yanada samarali amalga oshirish imkonini beradi.
Ikkinchidan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra tovar ayirboshlash hajmining pasayishiga qaramay, uni tiklash uchun ulkan salohiyat mavjud. Chexiyaning Farovonlik indeksidagi yuqori o‘rni (2026-yilda Yevropa ittifoqi makonida 8-o‘rin) ushbu mamlakat O‘zbekiston uchun asosiy texnologik va sarmoyaviy hamkorlardan biri ekanligini tasdiqlaydi.
Uchinchidan, mashinasozlik, uskuna ishlab chiqarish va sanoatni avtomatlashtirish sohalarida keng istiqbollar ochilmoqda. Garvard universitetining Iqtisodiy murakkablik indeksiga ko‘ra, Chexiya o‘n yil davomida ilg‘or texnologik tovarlarni ishlab chiqarish va eksport qilish qobiliyati bo‘yicha dunyoda 7-o‘rinni egallab kelmoqda.Bu esa O‘zbekiston sanoatini modernizatsiya qilish sharoitida muhim jihat hisoblanadi.
Umuman olganda, Chexiya O‘zbekistonning Yevropa sheriklik tizimidagi strategik markazlaridan biri sifatidagi o‘rnini tobora mustahkamlamoqda. Chexiyaning sanoat salohiyati va mamlakatimizning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyoti nafaqat tovar ayirboshlash, balki chuqur texnologik integratsiya va o‘nlab yillarga mo‘ljallangan keng ko‘lamli sanoat loyihalarini ishga tushirish uchun poydevor yaratmoqda.
Madinabonu Qayumova,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
yetakchi ilmiy xodimi