O‘zbekistonda Xitoyning to‘qimachilik va tikuvchilik kompaniyalari ishtirokida xalqaro ko‘rgazma bo‘ladi
12–14-oktabr kunlari Toshkentdagi “Uz Expo Centre” majmuasida Apparel Textile Sourcing Uzbekistan 2026 xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Unda Xitoy, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan to‘qimachilik va tikuvchilik sanoati vakillari ishtirok etadi.
2024-yilda tashkil etilgan mazkur ko‘rgazma shu kunga qadar ikki marta o‘tkazilgan. Joriy yilgi tadbir O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan qator to‘qimachilik ko‘rgazmalari bilan bir vaqtda tashkil etiladi. Ko‘rgazma Germaniyada joylashgan xalqaro ko‘rgazmalar tashkilotchisi Messe Frankfurt vakolati va qo‘llab-quvvatlovi asosida o‘tkazilmoqda.
Tadbirda to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatida qo‘llaniladigan xomashyo va yordamchi materiallar, furnitura, tayyor mahsulotlar hamda zamonaviy texnologiyalar namoyish etiladi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘rtasida yangi biznes aloqalarini o‘rnatish, savdo va hamkorlikni rivojlantirish uchun imkoniyat yaratiladi.
Joriy yil ko‘rgazmada 150 dan ortiq Xitoy kompaniyasi qatnashishi kutilmoqda. Ularning qariyb 80 tasi “CHINA BRAND” brendi ostida o‘z mahsulotlarini taqdim etadi. Ekspozitsiyada kiyim-kechak uchun mato va aksessuarlar, uy-ro‘zg‘or va tijorat maqsadlarida ishlatiladigan to‘qimachilik mahsulotlari, kiyim-kechak hamda moda aksessuarlari o‘rin oladi.
Shuningdek, Xitoyning to‘qimachilik mashinalari, ishlab chiqarish uskunalari va texnologiyalariga ixtisoslashgan kompaniyalari ham ishtirok etadi. Ular sohaning xomashyo tayyorlashdan tortib, mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan turli bosqichlari uchun mo‘ljallangan yechimlar va mahsulotlarini namoyish qiladi.
Ko‘rgazmaning xalqaro miqyosi avvalgi tadbirlarda ham yaqqol namoyon bo‘lgan. Xususan, 2025-yilda ushbu ko‘rgazmalar turkumida 15 mamlakat va hududdan 250 dan ortiq kompaniya hamda 4 mingdan ziyod tashrif buyuruvchi ishtirok etgan. Ular orasida Buyuk Britaniya, AQSH, Germaniya, Pokiston, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston va Afg‘oniston vakillari ham bo‘lgan.
O‘sha yili qariyb 100 ta Xitoyning to‘qimachilik va tikuvchilik kompaniyasi o‘z mahsulotlari va ishlab chiqarish texnologiyalarini taqdim etgan. Ular O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan kelgan xaridorlar va soha mutaxassislari bilan muloqot qilgan.
Ko‘rgazma Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamda savdo aloqalari izchil rivojlanayotgan bir sharoitda o‘tkazilmoqda. Xususan, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
To‘qimachilik va tikuvchilik sanoati Xitoy iqtisodiyotining an’anaviy kuchli tarmoqlaridan biri. Mamlakatda xomashyo va yordamchi materiallar ishlab chiqarishdan tortib, to‘qimachilik mahsulotlari va kiyim-kechak tayyorlash, maxsus mashina va uskunalar ishlab chiqarish hamda tegishli xizmatlargacha bo‘lgan yaxlit sanoat zanjiri shakllangan.
Xitoy dunyodagi eng yirik kiyim-kechak ishlab chiqaruvchisi va eksportchisi hisoblanadi. Mamlakatda yiliga 70 milliard donadan ortiq kiyim-kechak ishlab chiqariladi. Bu jahon kiyim-kechak ishlab chiqarishining yarmidan ko‘pini tashkil etadi. Xitoyning kiyim-kechak eksporti esa dunyodagi umumiy eksport hajmining qariyb 30 foiziga to‘g‘ri keladi.
Ayni paytda Xitoy to‘qimachilik va tikuvchilik sanoatida texnologiya, dizayn va brendlarni rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratmoqda. Bu omillar mamlakat ishlab chiqaruvchilarining xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyoning markazida joylashgani, aholi sonining o‘sishi va urbanizatsiya jarayonlarining jadallashishi to‘qimachilik mahsulotlariga bo‘lgan talabni ham oshirmoqda. Xususan, kiyim-kechak, choyshab, parda, gilam va boshqa mahsulotlarga ehtiyoj ortib bormoqda.
Bu holat xalqaro kompaniyalar uchun yangi imkoniyatlar yaratishi bilan birga, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish uchun mintaqaviy markaz sifatidagi ahamiyatini ham oshirmoqda.
Shu jihatdan, Apparel Textile Sourcing Uzbekistan 2026 ko‘rgazmasi Xitoy va O‘zbekiston kompaniyalari o‘rtasida yangi biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish, mavjud hamkorlikni kengaytirish va Markaziy Osiyo bozorida yangi imkoniyatlarni izlash uchun maydon vazifasini o‘taydi.
Xitoylik ishtirokchilar O‘zbekiston va mintaqadagi ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar va xaridorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, mahsulotlarini tanitish va yangi hamkorlik loyihalarini muhokama qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Ko‘rgazma doirasida sanoat assotsiatsiyalari va boshqa tegishli tashkilotlar bilan uchrashuvlar ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ularda Xitoy, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari o‘rtasida to‘qimachilik va tikuvchilik sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.
Nozimbek Mardonov, O‘zA