O‘zbekiston musulmonlari idorasida donorlik aksiyasi o‘tkazildi
Bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholi orasida beg‘araz donorlik madaniyatini rivojlantirish va ezgu tashabbuslarni keng targ‘ib qilishda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining “Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostida o‘tkazilayotgan beg‘araz donorlik aksiyasi muhim o‘rin tutadi.
Partiya Siyosiy Kengashi Markaziy apparati tashabbusi bilan Respublika qon quyish markazi hamkorligida O‘zbekiston musulmonlari idorasida maxsus mobil brigada orqali ko‘chma qon yig‘ish tadbiri tashkil etildi.

“Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostidagi donorlik aksiyasining mantiqiy davomi sifatida tashkil etilgan mazkur xayrli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlari faol ishtirok etib, bemor bolajonlar salomatligi yo‘lida ezgu tashabbusga o‘z hissalarini qo‘shdi.
Tadbir doirasida “Adolat” SDP yetakchisi Robaxon Mahmudova boshchiligidagi partiya faollari O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Xususan, idorada xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, boy kitob fondiga ega kutubxona, shuningdek, idora faoliyatini yoritish, ma’naviy-ma’rifiy ko‘rsatuvlarni tayyorlash va tasvirga olishga xizmat qilayotgan zamonaviy media studiyada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Partiyaning mazkur ezgu tashabbusi ijtimoiy hamjihatlik va insonparvarlik qadriyatlarini mustahkamlash, bolalar salomatligini asrashga xizmat qilishi qayd etildi.
M.Komilova, O‘zA