“Milliybank” bitiruvchi talabalarning yaqin ko‘makchisiga aylanmoqda
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati Surxondaryo viloyat bosh boshqarmasi hamda “Kelajakka qadam” markazi mutasaddilari bilan rahbar va talaba-yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Samimiy ruhda kechgan ochiq muloqotda “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati Surxondaryo viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Azim Rahmatov, “Kelajakka qadam” markazi bo‘lim boshlig‘i Azimjon Ilhomov va boshqalar mamlakatimizda yoshlar va ta’lim muassasalari bitiruvchilarining g‘oya, taklif va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini, huquq va manfaatlarini ta’minlash davlatimiz belgilab olgan siyosatning muhim yo‘nalishiga aylanganini ta’kidladi. Bu jarayonda “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati ham faol ishtirok etib, yoshlar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligini ta’minlashga, yigit-qizlarning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab, ularni tadbirkorlikka jalb etishga alohida e’tibor qaratayotgani qayd etildi. “Kelajakka qadam” markazi faoliyati to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berilib, yurtimiz yoshlarini ish bilan ta’minlash va ularning ilg‘or g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida amalga oshirayotgan ishlari xususida so‘z yuritildi.
Viloyatda 31 yoshgacha bo‘lgan talaba-yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotgan “Kelajakka qadam” va “Kelajak tadbirkori”, “Mening birinchi kasbim” dasturlari, shuningdek, “Biznes start”, “Talaba invest”, “Tadbirkorlikka ilk qadam” kabi kredit mahsulotlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
[gallery-29831]
Ayni paytda vohada yaratilgan bu imkoniyatlardan yosh tadbirkorlar va tadbirkorlikka ilk qadam tashlayotgan bitiruvchi yigit-qizlar samarali foydalanmoqda. Jumladan, 2025-2026 o‘quv yilida viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining 838 nafar talabasiga 28,2 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratildi. 870 ta talabaning bandligi ta’minlandi. Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetining 245 nafar bitiruvchi talabasiga ajratilgan 2,5 milliard so‘m kredit mablag‘i evaziga 300 ga yaqin talaba ishli bo‘ldi.
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti Surxondaryo viloyatida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiya qilib, sohada ilmiy-amaliy tajribalarni joriy etayotgan yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biriga aylangan. Oliy ta’lim muassasasida mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlari, jumladan, ishlab chiqarish, muhandislik, qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar sohalari uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. 50 dan ortiq bakalavriat, qariyb 30 ta magistratura yo‘nalishida o‘n bir mingga yaqin talaba, magistrant, doktorant va mustaqil tadqiqotchi tahsil olmoqda. Yosh ixtirochilarning ishlanmalari rag‘batlantirilmoqda. Talabalar korxona va agroklasterlarda amaliy tajriba orttirib, o‘qish davrining o‘zidayoq kasbiy ko‘nikmaga ega bo‘lmoqda. Endilikda oliy ta’lim dargohi huzuridagi injenerlik startap markazi va yosh agroinnovatorlar laboratoriyasi faoliyatini kuchaytirish, “Talaba – startapchi” modeli asosida g‘oyalarni tijoratlashtirishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda. Universitet tajriba maydonida turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari parvarishlanib, ko‘nikmalari oshirilayotir. Masalan, hozir tajriba maydonida banan ko‘chatlari mahalliy sharoitga iqlimlashtirilib, rayhonning noyob navlari ko‘paytirilmoqda. Ularning startap loyihalari va g‘oyalarini moliya muassasasi qo‘llab-quvvatlayotgani turli yo‘nalishlarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar ko‘rsatish va boshqa sohalarda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagidagi yigit-qizlar safini kengaytirmoqda.
Uchrashuvda mustaqil hayotda o‘z biznesini boshlayotgan yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi bo‘lgan talaba yigit-qizlarning startap loyihalari, g‘oya va intilishlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan fikr almashildi. Ularning maqsad va orzu niyatlari, intilishlari, kelgusi rejalari tinglandi.
– Ochiq muloqot bizning tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagimizni yanada kuchaytirdi, – deydi agrobiologiya fakulteti talabasi Ro‘zimurod O‘raqov. – Xususiy sektorga qiziqishimizni oshirdi. O‘qishni tugatgach, men ham qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida tadbirkor bo‘lishni ko‘nglimga tukkanman. Bu g‘oyamni eshitgan bank mutasaddilari uni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirganidan quvondim. Muloqot chog‘ida 31 yoshgacha bo‘lgan talabalarning tadbirkorlik tashabbuslari uchun imtiyozli kredit ajratilishi haqida so‘z yuritildi. Oliy ta’lim muassasasiga kech kirgan bitiruvchi talabalar uchun shu yosh chegarasi uzaytirilsa ularning ham o‘z biznesini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilgan bo‘lar edi.
Safimizda o‘qishga kech kirganlar ham ta’lim olayotgani va ularning xususiy biznesga qiziqishi yuqori bo‘lgani uchun shu taklifni ham ilgari surdik.
Uchrashuv yakunida talaba-yoshlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA muxbirlari