O‘zbekiston – Gruziya: adliya sohasida hamkorlik imkoniyatlari kengaymoqda
O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida adliya, huquqiy yordam va ijro tizimi sohasidagi hamkorlik uzoq yillik shartnomaviy asosga ega bo‘lib, so‘nggi yillarda yangi strategik bosqichga ko‘tarildi. Xususan, ikki davlat huquq tizimini raqamlashtirish, davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini oshirish va majburiy ijro sohalarida faol tajriba almashmoqda.
Shunga ko‘ra, Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida Gruziya Adliya ta’lim markazi direktori boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tashrifning asosiy maqsadi Institut va Gruziya Adliya ta’lim markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash orqali ikki tomonlama aloqalarning huquqiy asosini yaratishdan iborat bo‘ldi. Mazkur hamkorlik yuridik kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish borasida o‘zaro tajriba almashish, ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda qo‘shma ta’lim tashabbuslarini rivojlantirish uchun muhim imkoniyatdir.

Xalqaro hamkorlikning amaliy ahamiyati — ilg‘or tajribani huquqshunoslar faoliyatiga tatbiq etishga ko‘maklashish. Bu esa fuqarolarga malakali huquqiy yordam ko‘rsatish va ularning huquqlarini samarali himoya qilishga xizmat qiladi.
G.Boboyeva, O‘zA