O‘zbekiston elektrotexnika sanoati: Jahon bozorida yangi yutuqlar va imkoniyatlar
Qisqa muddatda O‘zbekiston elektrotexnikasi xalqaro bozorda muhim ishtirokchiga aylandi. Sanoatning ulkan o‘sish sur’atlari va kelajakdagi ambitsiyalarini Toshkent viloyatidagi jarayonlar misolida tahlil qilib ko‘ramiz.
O‘zbekiston elektrotexnika sanoati jahon bozoriga faol integratsiyalashib, yetakchi brendlar bilan raqobatbardoshligini isbotlamoqda. Mahsulot sifatining yuqoriligi bu muvaffaqiyatning asosiy omili bo‘lib, sohada ishlab chiqarish hajmi, ish o‘rinlari va daromadlar izchil o‘sishiga zamin yaratdi. O‘n yil muqaddam, elektrotexnika sanoatining ishlab chiqarish hajmi 1,665 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning dastlabki yetti oyida bu ko‘rsatkich 30 trillion so‘mga yetdi. Yil yakuniga qadar esa 51 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bugungi kunda O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlari 65 ta davlatga eksport qilinmoqda. Bu yutuqlar ortida davlatning sohaga ko‘rsatayotgan doimiy e’tibori, taqdim etilayotgan imtiyozlar, ilmiy-amaliy yondashuvlarning uyg‘unligi hamda O‘zbekistonning boy xomashyo bazasi muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
–Bu loyihaning ahamiyati shundan iboratki, birinchisi juda katta importni optimallashtirish, ikkinchisi texnologik mustaqillik, – deydi “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov. – Ya’ni, bugungi kunda elektrotexnika sohasi jadal rivojlanayotgan bir paytda Prezidentimiz nafaqat energetika sohasini rivojlantirishga e’tibor qaratdilar, balki energetika sohasi uchun energetika qurilmalarini, mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha ham qulay sharoitlar yaratib berdilar. Buning evaziga ushbu korxona oddiy chiroq ishlab chiqarishdan, bugungi kunda mingdan ziyod odam ishlaydigan klasterga aylandi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Joriy yil 12-sentabrda qabul qilingan Prezident qarori – “Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjat tarmoq taraqqiyotida yangi davrni boshlab berdi. Unga ko‘ra, 2030-yilga qadar elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarish hajmini 130 trillion so‘mga, eksport hajmini 5 milliard AQSH dollariga yetkazish, 3 milliard AQSH dollari miqdorida investitsiyalarni jalb etish hamda tarmoqdagi bandlikni 50 ming kishiga yetkazish ko‘zda tutilgan. Bu borada amaliy harakatlar allaqachon boshlangan.
–2019-yilda bor-yo‘g‘i 116 million dollarlik elektrotexnika mahsulotini xorijga eksport qilganmiz, – deydi “O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi maslahatchisi Namoz Tolipov. – Bu yildan boshlab bizning eksport ko‘rsatkichimiz 1,5 milliard dollarga yetdi. Bunga asosiy omil sifatida davlat tomonidan qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlar poydevor bo‘lib xizmat qilyapti. Bugungi kunda sohada faoliyat yuritayotgan yirik tadbirkorlar 500 nafarni tashkil etadi. Hattoki eksport geografiyasi ham oshdi. Avvallari biz sanoqli davlatlarga eksport qilgan bo‘lsak, bu yildan boshlab 72 mamlakatda elektrotexnika mahsulotlari yetkazib berilyapti.
Jumladan, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida yuqori va past kuchlanishli elektrotexnika uskunalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “NURA Electric” yangi ishlab chiqarish majmuasi foydalanishga topshirildi. Ushbu majmuada tayyorlangan elektrotexnika mahsulotlari avvallari katta miqdorda xorijdan keltirilgan uskunalarning o‘rnini bosishi va kelgusida eksport qilinishi kutilmoqda. Korxonaning ochilish marosimida kelgusida bu borada amalga oshiriladigan ishlar va strategik rejalar muhokama etildi.
Tadbir doirasida yangi majmuaning ishlab chiqarish quvvatlari va texnologik imkoniyatlari taqdim etildi. 20 gektar maydonni egallagan majmuada 10 ta ishlab chiqarish sexi mavjud bo‘lib, uning rivojlanishiga 50 million AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritilgan. Yiliga 25 000 dan ortiq yuqori kuchlanishli uskuna ishlab chiqarish imkonini beradi. Loyiha doirasida 1 000 ta ish o‘rni yaratilib, mahalliylashtirish darajasi 60 foizni tashkil etadi. Majmuada 120 dan ortiq yuqori texnologik uskuna va dastgohlar o‘rnatilgan. Ishlab chiqarish jarayonlarida zamonaviy avtomatlashtirilgan texnologiyalar qo‘llaniladi va SAP ERP tizimi asosida raqamlashtirilgan. Bu yerda elektr quvvatini uzatish va taqsimlash tizimlarida qo‘llaniladigan turli xil energetika uskunalari, jumladan, 10 va 35 kVli komplekt taqsimlash qurilmalari, rele himoyasi va avtomatika javonlari hamda komplekt transformator podstansiyalari ishlab chiqariladi. Majmua 10 kVdan 500 kVgacha bo‘lgan elektr podstansiyalari uchun yechimlarni loyihalash, ishlab chiqarish va o‘rnatish, shuningdek, quyosh va shamol elektr stansiyalari uchun rele himoyasi javonlarini tayyorlash imkoniyatiga ega.
O‘zbekiston elektrotexnika sanoati jahon bozorida raqobatbardoshligini oshirib, mahsulot sifati hamda davlatning izchil qo‘llab-quvvatlashi evaziga sezilarli o‘sishga erishmoqda. Sohadagi ishlab chiqarish hajmining keskin ortishi va eksport geografiyasining kengayishi buning yaqqol isbotidir. Prezidentning yangi qarori asosida belgilangan 2030-yilgacha mo‘ljallangan strategik rejalar, jumladan, ishlab chiqarish, eksport, investitsiya va bandlik ko‘rsatkichlarini oshirish maqsadlari tarmoqning kelgusi taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. "NURA Electric" kabi zamonaviy majmualarning ishga tushirilishi mazkur strategiyaning amaliy ifodasi bo‘lib, mahalliylashtirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish orqali sanoatning yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi.
Sanjar Toshpo‘latov,
Doniyor Yakubov (video),
Iskandar Ismatov,
O‘zA