Jarimani o‘z vaqtida to‘lang (+video)
Tartib har qanday ishda eng muhim omillardan biridir. Ayniqsa, yo‘llardagi tartib harakat xavfsizligi va tinchligimiz kafolatidir. Biroq yana bir tartib bor: u buzilgan qoidaning jarimasini o‘z vaqtida to‘lashdir.
Bugun mamlakatimizda bilib-bilmay yo‘q qo‘yilgan qoidabuzarlikning jarimasi qanchalik tez bartaraf etilsa, jarimaning ma’lum bir qismiga chegirma beriladi. Lekin beparvolik va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘yib, belgilangan jarimalarni to‘lashdan bo‘yin tovlab yurgan haydovchilar ham uchrab turadi.
Mazkur muammoga chek qo‘yish, ma’muriy jarimalar undiruvini ta’minlash hamda yo‘llarda tartib-intizomni yanada mustahkamlash maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Xorazm viloyat boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati hamkorligida keng qamrovli qo‘shma reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Dastavval, viloyat ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining saf maydonida o‘tkazilgan ertalabki yo‘riqnomada Byuroning markaziy apparati mas’ul xodimlari bevosita ishtirok etib, xodimlarning hushyorligi, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanishi hamda qonuniylikka qat’iy rioya qilishlari yuzasidan tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berdi.
Tadbir davomida asosiy e’tibor jarima to‘lash muddatlarini o‘tkazib yuborgan, xususan, jarima qo‘llanilganidan so‘ng belgilangan muddat ichida uni bartaraf etmagan haydovchilarni aniqlashga qaratildi.
Reyd davomida yo‘l patrul xizmati xodimlari to‘xtatgan transport vositalari byuro xodimlari tomonidan maxsus baza orqali zudlik bilan tekshirildi. Tekshiruvlar natijasida to‘lanmagan jarimalari mavjud bo‘lgan, shuningdek, ijro hujjatlari asosida qidiruvda turgan avtotransport vositalari aniqlandi. Shuningdek, qarzdorligini joyida bartaraf etishdan bosh tortgan yoki yirik miqdordagi qarzdorligi bo‘lgan haydovchilarning transport vositalari majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan tegishli tartibda xatlanib, vaqtinchalik jarima maydonchalariga joylashtirildi.
– Yo‘l harakati qoidalariga rioya etmaslik va, eng asosiysi, belgilangan jarimalarni o‘z vaqtida to‘lashdan bo‘yin tovlash nafaqat huquqbuzarlik, balki atrofdagilar va davlat manfaatlariga nisbatan mas’uliyatsizlikdir, – deydi Byuroning viloyat boshqarmasi inspektori Jasur Quryozov. – Muntazam o‘tkazilayotgan bu kabi qo‘shma tadbirlarda kuzatuv kameralari va avtopatrul tizimlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida 5 ming 200 tadan ortiq ijro ishlari bo‘yicha 4 ming 300 ta avtotransport vositasi jarima maydonlariga joylashtirilgan bo‘lib, ularning 3 mingdan ortig‘i qarzdorlik bartaraf etilgandan so‘ng tugatildi. Natijada davlat byudjetiga 1 milliard so‘m mablag‘ tushumi ta’minlandi.
[gallery-31659]
Tadbir faqatgina ma’muriy ta’sir choralarini qo‘llash bilan cheklanib qolmadi. Qo‘shma reyd davomida mutasaddilar tomonidan haydovchilar bilan profilaktik suhbatlar ham o‘tkazildi. Ularga jarimalarni o‘z vaqtida to‘lash, shuningdek, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, jarimani dastlabki kunlarda chegirma bilan to‘lash imkoniyatlari haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
<iframe width="1044" height="588" src="https://www.youtube.com/embed/Y4ZiASVJodw" title="Qarzdorliki bartaraf etish ham - burch" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat, video),
O‘zA muxbirlari