O‘zbekiston dunyo shaxmat xaritasida o‘z yuksalishini namoyish etadi
Joriy yilning 15-27-sentabr kunlari qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, 3-Butunjahon shaxmat paralimpiadasi, Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Kongress yig‘ilishi, “FIDE Excellence Awards” tadbirlari o‘tkaziladi.
Toshkentdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida tashkil etilgan matbuot anjumani Samarqandda o‘tadigan nufuzli 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, 3-Butunjahon shaxmat paralimpiadasi hamda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) Kongressiga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlandi.
Unda musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish, ishtirokchi jamoalar, faxriy mehmonlar va FIDE ijroiya qo‘mitasi a’zolarini kutib olish, joylashtirish kabi tashkiliy jihatlar muhokama qilindi.
Anjumanda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Sindorov va federatsiya bosh kotibi Bobur Sattorov shaxmat olimpiadasi, shuningdek, FIDE Kongressi doirasida FIDE prezidentligi uchun o‘tkaziladigan tadbirlarning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Olimpiadada erkaklar va ayollar jamoalari o‘rtasidagi bellashuvlarda umumiy hisobda 400 ga yaqin jamoa ishtirok etish uchun ariza topshirgan. Ulardan 206 tasi ochiq tarkib (asosan erkak shaxmatchilar) jamoalari bo‘lsa, 192 tasi ayollar jamoalaridir.
Bu, Samarqand olimpiadasida 2024-yilgi Budapesht olimpiadasiga nisbatan 40 ta ko‘p jamoa qatnashishini anglatadi.
Olimpiada dasturiga ko‘ra, musobaqaning tantanali ochilish marosimi 15-sentabrda Samarqandda bo‘lib o‘tadi. 16-27-sentabr kunlari esa 11 ta klassik bosqich o‘yinlari o‘tkaziladi.
Erkaklar jamoalari reytingida AQSH terma jamoasi peshqadamlik qilmoqda. Uning tarkibida Fabiano Karuana, Uesli So, Hans Niyemann, Levon Aronyan, Avonder Liang va jamoa sardori, 2016-yilgi shaxmat olimpiadasi oltin medali sohibi Jon Donaldson kabi mahoratli shaxmatchilar bor.
Ikkinchi o‘rinni Arjun Erigaisi, Praggnanandxa, Pentala Harikrishna, Nihal Sarin, Gukesh Dommaraju, Vidit Gujrati va Sardor Srinath Narayanan kabi o‘yinchilarni birlashtirgan Hindiston terma jamoasi egallagan.
O‘zbekiston-1 terma jamoasi (sardor Rustam Qosimjonov, tarkibda Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminov) reytingning 3-pog‘onasidan joy olgan.
Ochiq tarkibda O‘zbekistondan yana ikki jamoa ishtirok etadi: O‘zbekiston-2 (Muhammadzohid Suyarov, Abdumalik Abdusalimov, Jahongir Vohidov, Humoyun Bekmuratov, Ortiq Nig‘matov) reytingda 32-o‘rinni, O‘zbekiston-3 (Saidakbar Saidaliyev, Bahrom Bahrullayev, Almas Rahmatullayev, Muhammadali Abdurahmonov, Asrorjon Omonov) esa 55-o‘rinni egallagan.
Jurnalistlarning ayollar terma jamoalarining reyting ko‘rsatkichlari haqidagi savollariga javob berar ekan, federatsiya mutaxassislari mamlakatda shaxmatga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli ayollar shaxmatida katta yuksalish kuzatilayotganini ta’kidladi.
So‘nggi 3-4 yil ichida O‘zbekiston shaxmatchi qizlari FIDE reytingida kuchli 40 talikka kira olmagan bo‘lsa, bugungi kunda xalqaro reytingda kuchli 20 talikka ko‘tarildi. Ular 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida 13-o‘rinni egallaganliklari ham buning yorqin isbotidir.
Matbuot anjumanida mamlakatda yosh shaxmatchilar sonining ortishi bilan shaxmat klublari ko‘paygani, xalqaro darajadagi musobaqalar sifati yaxshilangani va tizimli seminarlar natijasida xalqaro hakamlar soni ikki baravar oshgani qayd etildi.
Davlatimizning alohida e’tibori tufayli O‘zbekistonning shaxmat infratuzilmasi xalqaro miqyosda namuna bo‘la oladigan darajaga ko‘tarilgani ta’kidlandi.
Yosh shaxmatchilarimizning olimpiadalar, jahon va qit’a chempionatlari, jahon kuboklari hamda nufuzli xalqaro turnirlarda erishayotgan yutuqlari, Javohir Sindorov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Afro‘za Hamdamova, Umida Omonova kabi o‘nlab iqtidorli yoshlarning xalqaro maydonda o‘z salohiyatini namoyish etishi, shuningdek, FIDE tizimidagi xalqaro musobaqalarning yurtimizda muntazam o‘tkazilishi O‘zbekistonni qisqa muddatda dunyoning yetakchi shaxmat mamlakatlari qatoriga olib chiqdi.
Samarqandda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, 3-Butunjahon shaxmat paralimpiadasi, FIDE Kongressi hamda “FIDE Excellence Awards” tadbirlari mamlakatimizning xalqaro sport maydonidagi nufuzini yanada oshirishi shubhasizdir.
To‘lqin Ro‘ziyev,
Alimurod Mamadaminov (suratlar)