Harbiy ayollar “ko‘pkurash”da kuch sinashdi
Qurolli Kuchlar tizimidagi yosh ayol harbiy xizmatchi va xodimlar o‘rtasida yoshlarning jismoniy tayyorgarligini oshirish, harbiy-amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, bilim va mahoratini namoyon etish hamda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Urganch shahrida “Harbiy ko‘pkurash” sport musobaqasi tashkil etildi.
Musobaqa ikki bosqichda o‘tkazilib, ishtirokchilar birinchi bosqichda yugurish va o‘q otish yo‘nalishlarida o‘zaro kuch sinashdilar. Mazkur shartlarda yosh ayol harbiy xizmatchi va xodimlarning jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi, tezkorligi hamda aniqligi sinovdan o‘tkazildi.
[gallery-31035]
Musobaqaning ikkinchi bosqichida esa savol-javob hamda oshpazlik mahorati bellashuvlari tashkil etildi.
Savol-javob jarayonida ishtirokchilarning bilim va dunyoqarashi, topqirligi va tezkor fikrlashi baholangan bo‘lsa, oshpazlik mahorati shartida ularning pazandalik qobiliyati, ijodkorligi va mahorati sinovdan o‘tkazildi.
– “Harbiy ko‘pkurash” musobaqasi yosh ayol harbiy xizmatchi va xodimlarning o‘zaro tajriba almashishi, jamoaviy hamkorligini mustahkamlashi, jismoniy va ma’naviy salohiyatini oshirishga xizmat qildi, – deydi Xorazm viloyat bojxona boshqarmasi inspektori Gulsanam Shohnazarova. – Qizg‘in va murosasiz kechgan bellashuvlarda barchamiz o‘zimizning bilim, mahorat, jismoniy tayyorgarlik va irodaviy sifatlarimizni namoyon etishga harakat qildik.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, uchinchi o‘rinni Xorazm viloyat bojxona boshqarmasi, ikkinchi o‘rinni Milliy gvardiya Xorazm viloyat boshqarmasi va birinchi o‘rinni viloyatda joylashgan N-harbiy qism harbiy xizmatchi ayollaridan iborat jamoalar qo‘lga kiritdi.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari