O‘zbekiston Bosh prokurori MDH va SHHT doirasidagi bosh prokurorlar yig‘ilishlarida ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev boshchiligidagi delegatsiyasi Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH)ga a’zo davlatlar Bosh prokurorlarining Muvofiqlashtiruvchi kengashi 36-yig‘ilishida ishtirok etdi.
Yig‘ilishda xorijga noqonuniy ravishda olib chiqib ketilgan aktivlarni qaytarish sohasidagi zamonaviy chaqiriqlar va yangi yechimlar yuzasidan tajriba almashildi.
O‘zbekiston Bosh prokurori «Aktivlarni xorijdan qaytarish sohasida O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlarining tajribasi» mavzusida ma’ruza qildi.
Yig‘ilish yakuniga ko‘ra, tegshili qarorlar qabul qilinib, ularda MDHga a’zo davlatlar prokuratura organlari o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi.
Yig‘ilish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yo‘ldoshev Rossiya Federatsiyasi Bosh prokurori A.Gutsan bilan uchrashdi.

Unda tomonlar hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilg‘or tajriba almashish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi hamkorlikni takomillashtirishga doir muhim masalalarni muhokama qildi.
Rossiyaga tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlar bosh prokurorlarining 24-yig‘ilishida ham ishtirok etdi.
Unda oila va voyaga yetmaganlarni himoya qilish, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, bolalar huquqlarini ta’minlash, shuningdek, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik hamda boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, mazkur sohada SHHTga a’zo davlatlar prokuratura organlari o‘rtasida tajriba almashildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori «An’anaviy oilaviy qadriyatlarni himoya qilish va voyaga yetmaganlar o‘rtasida destruktiv kontent tarqalishining oldini olish» mavzusida ma’ruza qildi.
Belarus, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya va Tojikiston prokuratura organlari rahbarlari ham ishtirok etgan yig‘ilish yakuniga ko‘ra, bosh prokurorlar SHHT doirasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga tomonlarning intilishini tasdiqlovchi bayonnomani imzoladi.
N.Abduraimova,
O‘zA