Buxoro tog‘ qo‘yini ko‘rganmisiz? (+video)
Surxondaryo viloyatining “Surxon” davlat qo‘riqxonasidagi fotoqopqon Buxoro tog‘ qo‘yini tasvirga oldi.
Juft tuyoqlilar turkumiga mansub bu jonivorning tashqi ko‘rinishi echkiga o‘xshasa-da, u soqolsizligi, erkagida hid bezining yo‘qligi va uch qirrali burama shoxlari bilan ajralib turadi. Asrimizning boshida Buxoro tog‘ qo‘yining kamayib ketishi kuzatilgan. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga 1-toifa (CR) maqomi bilan kiritilgan. Shuningdek, IUCN qizil toifa ro‘yxatiga VU (zaif) maqomiga ega.CITESning II ilovasidan ham joy olgan.
Buxoro tog‘ qo‘yi hayvonot dunyosining yo‘qolib ketish xavfi yuqori bo‘lgan, muhofazaga muhtoj noyob turi hisoblanadi. U mamlakatimizning Ko‘hitang, Boysuntog‘, Hisor va Bobotog‘ tog‘ tizmalarida, asosan dengiz sathidan 800–2 ming 500 metr balandlikdagi tog‘ dashtlari va siyrak archazorlarda uchraydi.

Fotoqopqonlarda muhrlangan har bir tasvir noyob yovvoyi hayvonlarning holatini kuzatib, ularni ilmiy o‘rganish va samarali muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri