O‘zbekcha Vikipediya uchun 80 mingdan ortiq faktlar yig‘ildi
Yoshlar ishlari agentligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida “WikiSfera II” oromgohi hamda “WikiMarafon” loyihasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekcha Vikipediya bu hozirgi kungi global axborot makonida o‘zbek tilining nufuzi va mavqeini ko‘rsatib beruvchi eng yirik ochiq raqamli ensiklopediyadir. 2003-yilda tashkil etilgan ushbu platforma nafaqat tilimizdagi ma’lumotlar bazasini boyitishga, balki jamiyatimizda bilimlar transferini ta’minlashga xizmat qilib kelmoqda. Keyingi yillarda davlat va jamoatchilik tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor, xususan, yirik marafonlarning tashkil etilishi O‘zbekcha Vikipediyani Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi o‘rinlarga olib chiqdi.

Oromgohda 120 ga yaqin yosh ishtirok etdi. Olti kun davomida yoshlar tajribali mentorlar ko‘magida o‘zbekcha Vikipediyada maqola yaratish, tahrirlash va sifatli kontent tayyorlash ko‘nikmalarini egalladi.

Oromgoh davomida o‘zbekcha Vikipediyadagi ma’lumotlar sifatini oshirishga qaratilgan Ziyosfera platformasida 80 mingdan ortiq fakt jamlandi.

Tadbirda qayd etilganidek, bugun o‘zbekcha Vikipediyada 366 mingdan ortiq maqola mavjud bo‘lib, 6 milliondan ortiq tahrir amalga oshirilgan. Hozirda o‘zbekcha Vikipediya jahon vikireytingida 39-o‘rinda. Har bir yangi maqola va har bir ishonchli fakt — o‘zbek tilidagi bilimlar bazasiga qo‘shilgan yangi hissa qo‘shib kelmoqda.
G.Boboyeva,O‘zA