«Ta’zim sizga, Ustozlar» – faxriy jurnalistlarga ehtirom tadbiri
O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Qibray tumanidagi Nuroniylar markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan «Ta’zim sizga, Ustozlar» nomli madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbir milliy jurnalistika sohasida ko‘p yillar davomida samarali mehnat qilib, yosh avlodga nafaqat bilim, balki hayotiy tajriba va ezgu qadriyatlarni singdirib kelayotgan ustoz ijodkorlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatishga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov, O‘zbekiston faxriylarining “Nuroniy” jamg‘armasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev va boshqalar milliy media soha ravnaqida ustoz jurnalistlarning hissasi, betakror ijod yo‘li, zahmatli mehnatlari muhim ahamiyatga ega ekanini e’tirof etdilar.
Darhaqiqat, ustozlar inson hayotida alohida o‘rin tutadigan, uning dunyoqarashi, bilimi va kelajakdagi maqsadlari shakllanishida muhim o‘rin egallaydigan kasb egasidir. Ularning mehnati yoshlar uchun katta ibrat maktabidir.
«Ta’zim sizga, Ustozlar» tadbirida milliy jurnalistikamizda uzoq yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan ustoz jurnalistlarning namunali faoliyati haqida so‘z yuritildi. Ularning ijodi, shogirdlar tarbiyasidagi o‘rni, yosh avlod bilan ishlashdagi tajribasi va hayotiy saboqlari e’tirof etildi.
[gallery-31752]
Chindan ham ustozlarning jamiyat hayotidagi o‘rni, ta’lim sifati va inson kamoloti yo‘lidagi mehnati beqiyosdir. Zero, har bir avlodning kamol topishida unga saboq bergan, yo‘l ko‘rsatgan va o‘z tajribasi bilan o‘rnak bo‘lgan insonlarning hissasi bor.
Ayniqsa, ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida yuzlab, minglab shogirdlarga namuna bo‘lgan fidoyi, zahmatkash ustoz jurnalistlarning tajribasi bugungi yoshlar uchun ham muhim maktab vazifasini o‘taydi.
Tadbirda nuroniylar, jurnalistlar, ijodkorlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Madaniy-ma’rifiy tadbir dasturidan ustozlarga bag‘ishlangan chiqishlar, samimiy tilaklar va madaniy dastur o‘rin oldi.
E’tirof etilganidek, ustozga hurmat inson ma’naviyatining uzviy qismi sanaladi. «Ta’zim sizga, Ustozlar» tadbiri ham ana shu mehnatni qadrlash, milliy jurnalistika sohasidagi ustoz va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatish, ularning jamiyatdagi o‘rni haqida muloqot qilish uchun o‘ziga xos ma’rifiy maydon bo‘lib xizmat qildi.
N.Usmonova, A.Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari