O‘zbek yurtining ko‘zgusi
Har kun tongda yoshlaru keksalar poytaxtimizning qadimiy maskani – Qorasaroy tomon yo‘l olishi odatiy holga aylandi. Mana necha oylarki bu maskanda noyob – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ko‘rgazmasi namoyish etilmoqda.
Bu maskanda davlatimiz rahbarining o‘z tariximizga, buyuk ajdodlarimiz merosiga va xalqimizning ma’naviy ildizlariga bo‘lgan yuksak hurmatining yorqin timsoli – yurtimiz tarixiga doir islom sivilizatsiyasi tarixi namoyish etilmoqda. Bu shunchaki oddiy ko‘rgazma emas, balki xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, ilm-fani, madaniyati, diniy-ma’rifiy qarashlari va jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etuvchi yirik ilmiy-ma’rifiy majmua sifatida shakllantirilgan.
Ayni paytda ushbu ko‘rgazmaning ochilishi Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy yuksalishi, tarixiy xotirani tiklash, milliy o‘zlikni anglash va buyuk ajdodlarimiz merosini zamonaviy asosda targ‘ib etishning mantiqiy davomidir.
Ushbu maskan shuningdek yoshlarimizni ilmga, tafakkurga, vatanparvarlikka va milliy g‘ururga chorlaydigan, ularni boy tariximiz va bebaho ma’naviy merosimiz ruhida tarbiyalaydigan ulug‘ dargoh bo‘lib xizmat qilmoqda. Mamlakatimizda Islom sivilizatsiyasi markazi tarixi va bugungi kuni namoyish etilayotgani Prezidentimizning xalqimiz tarixiy qudrati va ma’naviy salohiyatini dunyoga namoyon etish yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlarining yorqin mevasi sifatida yurtimiz faxri bo‘ladi.
Ayni paytda hozirning o‘zida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati nomiga Parij shahridan nufuzli xalqaro me’moriy mukofot – “Prix Versailles” tanlov qo‘mitasidan rasmiy maktub olindi. Ushbu maktubda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi “Prix Versailles” talqiniga ko‘ra 2026-yilning dunyodagi eng go‘zal muzeylari ro‘yxatiga kiritilgani ma’lum qilingan. Mazkur reyting innovatsionlik, kreativ yondashuv, milliy merosni aks ettirish hamda ekologik samaradorlik kabi qat’iy mezonlar asosida shakllantiriladi. “Prix Versailles” bosh kotibi Jerom Guaden o‘z maktubida mazkur saralash munosabati bilan samimiy tabriklar yo‘llab, Markazning 2026-yilgi ro‘yxatda ishtirokini tasdiqlash bo‘yicha rasmiy yo‘riqnomani ham taqdim etgan.
“Prix Versailles” – zamonaviy me’moriy, madaniy va estetik muhitni shakllantirayotgan eng ilg‘or loyihalarni har yili e’tirof etuvchi dunyodagi g‘oyat nufuzli mukofotlardan biri hisoblanadi. Islom sivilizatsiyasi markazining mazkur ro‘yxatga kiritilishi uning konsepsiyasi, ramziy ma’nodorligi hamda Yevroosiyo gumanitar makoni rivojiga qo‘shayotgan hissasining xalqaro miqyosda e’tirof etilganini anglatadi. Bu global ro‘yxatga kiritilish Markazning mintaqaning me’moriy dominantasi va O‘zbekistonning zamonaviy madaniy yuksalish ramzi sifatidagi maqomini yanada mustahkamlaydi. Ushbu qaror mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mualliflik loyihasi zamonaviy muzey va madaniy tashabbuslar orasida eng ahamiyatlilaridan biri sifatida yuksak baholanganini tasdiqlaydi.
Islom sivilizatsiyasi markazi oddiy muzey yoki me’moriy inshoot sifatida emas, balki xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, ilm-fani, madaniyati, diniy-ma’rifiy qarashlari va jahon tamadduniga qo‘shgan ulkan hissasini namoyon etuvchi yirik ilmiy-ma’rifiy majmua sifatida shakllantirildi. Shu jihatdan, markaz Yangi O‘zbekistonning o‘z o‘tmishini chuqur anglagan holda kelajak sari dadil intilayotganini ifoda etadi.
Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat yurtimizdagi, balki butun mintaqadagi eng yirik ilmiy-ma’rifiy majmualardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Ajdodlarimizning ilm-fan, hadis, kalom, fiqh, falsafa, tibbiyot, astronomiya, me’morchilik va boshqa ko‘plab yo‘nalishlardagi ulkan merosi mujassam. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek kabi allomalarimizning boy ilmiy-ma’naviy xazinasi aynan shu markaz orqali yangi avlodga va xalqaro jamoatchilikka yanada ta’sirchan tarzda taqdim etilgan.
Rasmiy xabarga ko‘ra, Markaz nafaqat 2026-yilning eng go‘zal muzeylari ro‘yxatiga kiritilgan, balki 2026-yil uchun uchta oliy jahon unvonlaridan biriga da’vogarlik qilish huquqini ham qo‘lga kiritgan. Bular – “Grand Prix Versailles”, “Interer” nominatsiyasi yoki “Eksterer” nominatsiyasidir. Jahon unvonlari sohiblarini tantanali e’lon qilish marosimi 2026-yil yakunida Parij shahridagi YUNESKO qarorgohida yoki Mukofot kotibiyati tomonidan belgilanadigan boshqa qabul qiluvchi shaharda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“CNN” telekanali Islom sivilizatsiyasi markazini “Zamonaviy davrning eng ko‘lamli madaniy loyihalaridan biri” deya ta’riflab, uning o‘ziga xos fazoviy ko‘rsatkichlarini alohida ta’kidlagan. Bugungi kunda Markaz mintaqaning eng ko‘p tashrif buyuriladigan madaniy-ilmiy maskanlaridan biriga aylandi: har kuni unga 5 000 nafargacha kishi tashrif buyurmoqda, bu esa ham O‘zbekiston fuqarolari, ham xorijiy mehmonlar tomonidan qiziqish yuqori ekanligidan dalolat beradi.
“Guinness World Records” unvonining berilishi nafaqat loyiha ko‘lamining e’tirofi, balki uni amalga oshirishda ishtirok etgan yuzlab mutaxassislar, olimlar va ekspertlar mehnatiga berilgan yuksak bahodir.
Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov o‘z nutqida shunday ta’kidladi:
“Shubhasiz, ushbu mukofot O‘zbekiston Respublikasining muhtaram Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mualliflik loyihasiga berilgan munosib e’tirof va mukofotdir. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan faoliyatimiz uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berildi va bugungi kunda bizning asosiy maqsadimiz – O‘zbekistonning boy madaniy merosini saqlash va ommalashtirish, shuningdek, muqaddas Islom dinimizning ezgulik, tinchlik, ma’rifat va bag‘rikenglik dini sifatidagi insonparvar g‘oyalarini targ‘ib qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ilmiy-ma’rifiy loyihalarni amalga oshirishda ushbu salohiyatdan samarali foydalanishdir”.
“Guinness World Records” maqomining olinishi O‘zbekistonning Islom fani, madaniyati va ma’rifatining muhim turistik va tarixiy markazlaridan biri sifatidagi rolini mustahkamlaydi. Bu, shuningdek, Markazning o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va madaniy xilma-xillik tamoyillariga asoslangan sivilizatsiyalararo muloqotning zamonaviy platformasi sifatidagi ahamiyatini tasdiqlaydi.
Ayniqsa, VII asrga mansub Usmon mushafining markazga joylashtirilgani jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, zamonaviy kutubxona, ilmiy laboratoriyalar va multimedia texnologiyalari bilan jihozlangan ko‘rgazma zallari markazning innovatsion salohiyatini namoyon etmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, markaz nafaqat milliy merosni saqlash, balki uni xalqaro miqyosda targ‘ib etishda ham muhim o‘rin tutadi. Qisqa vaqt ichida u xalqaro ekspertlar va sayyohlar diqqatini jalb etib, O‘zbekistonning madaniy diplomatiyasida yangi bosqichni boshlab berdi.
Davlatimiz rahbari markazning faoliyati va ahamiyati haqida to‘xtalib: “Islom sivilizatsiyasining, islom ta’limotining zamini – aslida ilm-fan, madaniyat, ta’lim va tarbiyadir. Biz barpo etayotgan markazning bosh g‘oyasi, asosi ham shu. Eng muhim tomoni – yurtimizdagi islom madaniyati bilan bog‘liq bir necha ming yillik qadimiy o‘tmish bir joyda – mana shu majmuada mujassam bo‘ladi. Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol ko‘rib, islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasini anglaydi, – deb ta’kidlagan.
Erkin ERNAZAROV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.