Bölajak diplomatlar uçun “Diplomatik izohli luğat” taqdim etildi
Jahon siyosati şiddat bilan özgarib, xalqaro munosabatlar tizimida yangi tartiblar şakllanayotgan bugungi davrda milliy diplomatiya maktablarining intellektual salohiyatini oşiriş har qaçongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ana şunday strategik zaruratni amalda ifoda etgan holda, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) huzuridagi Diplomatik akademiyada Özbekiston taşqi siyosiy tadqiqotlari tarixida yangi sahifa oçgan ikki yirik fundamental asar — “Diplomatik izohli luğat” hamda “Diplomatiya qadimgi davrlardan hozirgi kungaça” nomli naşrlarning rasmiy taqdimoti bölib ötdi.
Mustaqillik yillarida ilk bor özbek tilida bu qadar keng kölamda va tizimli ravişda tayyorlangan uşbu adabiyotlar nafaqat yurtimiz, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uçun xalqaro munosabatlar sohasidagi muhim ilmiy-amaliy voqelikka aylandi. Mazkur naşrlar zamirida boy tarixiy merosimizga sodiqlik va kelajakning professional diplomatlarini tayyorlaşga bölgan yuksak eʼtibor mujassam.
[gallery-32378]
Tadbirda davlat va jamoat arboblari, taşqi siyosat va diplomatiya sohasi vakillari, olimlar, professor-öqituvçilar, tadqiqotçilar hamda universitet jamoasi iştirok etdi.
Taqdimotni Diplomatik akademiya direktori, siyosiy fanlar doktori, professor Abdusamat Haydarov kiriş sözi bilan oçib, mazkur naşrlarning mamlakatimizda diplomatiya sohasidagi bilimlar va ilmiy-taʼlimiy adabiyotlarni rivojlantirişdagi ahamiyatiga töxtaldi. Uşbu kitoblar diplomatiya sohasida töplangan nazariy bilimlar va amaliy tajribani tizimlaştiriş, milliy diplomatiya maktabining ilmiy-uslubiy asoslarini mustahkamlaşga qaratilganini taʼkidladi.
Taqdimotning birinçi qismida “Diplomatik izohli luğat”ning yaratiliş tarixi, maqsadi va ilmiy-amaliy ahamiyati haqida maʼlumot berildi. Mazkur naşr özbek tilida diplomatiya sohasiga oid termin va tuşunçalarni tizimli ravişda izohlaş, ularning mazmun-mohiyatini aniq ifodalaş hamda milliy diplomatik terminologiyani rivojlantirişga xizmat qilişi qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, luğatni tayyorlaş jarayonida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Diplomatik akademiya olimlari va mutaxassislarining ilmiy-tadqiqot tajribasi, diplomatik amaliyotdagi bilimlari, şuningdek, ingliz, fransuz, rus, turk, ozarbayjon va boşqa tillardagi ixtisoslaşgan luğatlar, ensiklopediyalar hamda ilmiy manbalardan foydalanildi. Naşr xalqaro diplomatik terminologiyani özbek tilida ifodalaşda yagona yondaşuvni şakllantiriş, taʼlim va tadqiqot jarayonlarida terminlarning mazmun jihatidan aniqligini taʼminlaşga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Qöllanmaning ikkinçi qismi iqtisodiy diplomatiya masalalariga bağişlangan bölib, uning nazariy asoslari, maqsad va vazifalari, taşqi iqtisodiy siyosatni amalga oşirişdagi örni, eksportni qöllab-quvvatlaş, xorijiy investitsiyalarni jalb etiş, milliy işlab çiqaruvçilar manfaatlarini ilgari suriş va yangi bozorlarni özlaştiriş kabi masalalarni qamrab oladi. Şu orqali darslik diplomatik xizmatning nazariy-huquqiy asoslarini uning amaliy vazifalari bilan uyğunlaştiradi.
Maʼruzaçilar öz çiqişlarida taqdim etilgan naşrlarning ilmiy va amaliy qiymati, diplomatik kadrlarni tayyorlaş tizimidagi örni, milliy diplomatiya maktabini rivojlantiriş hamda xalqaro munosabatlar sohasida özbek tilidagi ilmiy manbalarni köpaytiriş masalalariga eʼtibor qaratdi. Şuningdek, mazkur adabiyotlardan oliy taʼlim jarayonida, ilmiy tadqiqotlarda va diplomatik xizmat xodimlarining kasbiy malakasini oşirişda foydalaniş imkoniyatlari muhokama qilindi.
Taqdimot yakunida iştirokçilar naşrlarning ahamiyati yuzasidan fikr va mulohazalarini bildirib, ularning taʼlim, ilmiy-tadqiqot va diplomatik amaliyot uçun muhim manba bölib xizmat qilişini taʼkidladi.
Mazkur taqdimot Diplomatik akademiyaning diplomatik taʼlim va ilmiy-uslubiy salohiyatni rivojlantiriş, milliy diplomatiya maktabini mustahkamlaş va sohadagi ilmiy adabiyotlar bazasini boyitiş borasidagi faoliyatining muhim yönalişlaridan biri böldi.
Gulnoza Boboyeva,
Farhod Aburasulov(surat),
ÖzA