O‘zbek tili Oksford va O‘zbekistonni birlashtirmoqda
O‘zbekshunoslik sohasida xalqaro akademik hamkorlikning yangi bosqichi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida «El-yurt umidi» jamg‘armasi hamkorligida Oksford universitetining «O‘zbekshunoslik» dasturida tahsil olayotgan talabalar uchun tashkil etilgan Yozgi maktabining ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuxrat Sirojiddinov, «El-yurt umidi» jamg‘armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova, Oksford universiteti professori, turkshunos olim Nikolas Kontovas, universitet prorektori Nozliya Normurodova, Yozgi maktab tashkilotchilari hamda Oksford universiteti talabalari ishtirok etdi.

Mazkur Yozgi maktab o‘zbek tili va o‘zbekshunoslik sohasida O‘zbekiston hamda Oksford universiteti o‘rtasida shakllanayotgan samarali akademik hamkorlikning amaliy ifodasi bo‘lib, ikki mamlakat ilmiy-ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish, uni xorijiy mamlakatlarda o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish, milliy adabiyot, tarix va madaniyatimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini jahon akademik hamjamiyatiga keng targ‘ib etish borasida qator muhim ishlar amalga oshirilmoqda.

Ana shu ezgu tashabbuslarning muhim natijalaridan biri sifatida 2025-yil 14-oktabr kuni Oksford universitetida «O‘zbekshunoslik» dasturining rasmiy ochilishi bo‘ldi. Mazkur dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgani e’tiborga molikdir.
Oksfordda o‘zbek tiliga qiziqish tobora ortib bormoqda
Oksford universitetida o‘zbek tilini akademik asosda o‘rganish uchun yaratilgan imkoniyatlar doirasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi «O‘zbek maktabi» jamoasi tomonidan xorijiy ta’lim oluvchilar uchun ishlab chiqilgan A1 dan V1 darajagacha bo‘lgan o‘zbek tili darsliklaridan foydalanilmoqda.

Shuningdek, ta’lim jarayonida zamonaviy raqamli imkoniyatlarni o‘zida mujassam etgan UzAcademy ta’lim platformasi ham muhim o‘rin tutmoqda.
Bu esa o‘zbek tilini xorijda o‘rganish jarayonini tizimli yo‘lga qo‘yish, milliy ta’lim resurslarini xalqaro akademik muhitga olib kirish va o‘zbek tilini o‘rganuvchilar uchun sifatli o‘quv bazasini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
Tilni o‘rganishdan madaniyatni anglashgacha
O‘zbekistonda tashkil etilgan Yozgi maktab Oksford universitetida o‘zbek tili, tarixi, adabiyoti va madaniyatini o‘rganayotgan talabalar uchun nazariy bilimlarni bevosita milliy til va madaniyat muhitida mustahkamlash imkonini beradi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan universitet rektori, akademik Shuxrat Sirojiddinov Oksford universiteti kabi dunyoning nufuzli ta’lim dargohida o‘zbek tili, adabiyoti, tarixi va madaniyatini o‘rganayotgan yoshlar va tadqiqotchilarni O‘zbekistonda qabul qilish universitet jamoasi uchun katta sharaf va quvonch ekanini ta’kidladi.
Darhaqiqat, tilni uning tabiiy muhitida o‘rganish nainki so‘z va grammatik qoidalarni o‘zlashtirish, balki xalqning tafakkuri, tarixi, urf-odatlari, dunyoqarashi va ma’naviy qadriyatlarini chuqurroq anglash imkonidir.
Shu ma’noda, Yozgi maktab ishtirokchilar uchun o‘zbek tilini darsliklar va auditoriya doirasidan tashqarida, uning jonli muhitida kashf etishga xizmat qilmoqda.
Qadimiy qo‘lyozma merosimiz — muhim ilmiy yo‘nalish
Yozgi maktab dasturi zamonaviy o‘zbek tili bilan cheklanib qolmaydi. Unda o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyoti, adabiy merosi va Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi bilan bog‘liq muhim mavzular qamrab olingan.

Xususan, ishtirokchilar mumtoz o‘zbek adabiy tili, qo‘lyozmalarni o‘qish asoslari, Sharq xattotligi, tasavvuf ta’limoti, jadidlik harakati, Markaziy Osiyo tarixi va mintaqada kechgan madaniy jarayonlar bilan yaqindan tanishadilar.
Bu yo‘nalishlar Oksford talabalariga nafaqat o‘zbek tilining bugungi holatini, balki uning asrlar davomidagi taraqqiyot yo‘lini, turkiy va Sharq adabiy muhitida tutgan o‘rnini anglash imkonini beradi.
Ayniqsa, mumtoz o‘zbek adabiy tili va qo‘lyozma manbalar bilan ishlash bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘zbek va Markaziy Osiyo adabiy merosini ilmiy nuqtai nazardan tadqiq etish uchun muhim poydevor vazifasini o‘taydi.

Ilmiy hamkorlikni mustahkamlayotgan olim
Tadbir davomida Oksford universitetida o‘zbekshunoslik yo‘nalishining rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan professor Nikolas Kontovasning ilmiy va pedagogik faoliyati alohida e’tirof etildi.
Uning Oksford akademik muhitida o‘zbek va eski o‘zbek tillarini o‘qitish, talabalarda O‘zbekiston, uning tili, adabiyoti va yozma merosiga nisbatan ilmiy qiziqishni shakllantirish, shuningdek, Oksford universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘rtasidagi akademik aloqalarni rivojlantirishdagi hissasi yuksak baholandi.
Bunday hamkorlik natijasida o‘zbekshunoslikning xalqaro ilmiy makondagi qamrovi kengayib, O‘zbekiston tarixi, tili va madaniyatini tadqiq etishga qiziquvchi yangi avlod olimlarining shakllanishi uchun muhim imkoniyatlar yaratilmoqda.
Samarqand va Buxoro — ochiq osmon ostidagi darslik
«Buyuk Ipak yo‘li va O‘zbekistonning madaniy merosini kashf etish» konsepsiyasi asosida tashkil etilgan Yozgi maktab 23-sentabrga qadar davom etadi.
Dasturning yana bir muhim jihati — uning auditoriya bilan cheklanib qolmasligidadir. Ishtirokchilar uchun Samarqand va Buxoroga ta’limiy safarlar tashkil etiladi.
Bu safarlar davomida talabalar O‘zbekistonning buyuk tarixiy-madaniy merosi, qadimiy me’moriy obidalari, ilmiy va ma’naviy taraqqiyot markazlari bilan bevosita tanishadilar.

Samarqand va Buxoro kabi tarixiy shaharlar ular uchun o‘ziga xos «tirik darslik» vazifasini bajaradi. Bu yerda tarix kitob sahifalaridagina emas, balki me’moriy obidalar, qadimiy ko‘chalar, madrasalar, maqbaralar va asrlar davomida saqlanib kelayotgan madaniy an’analar timsolida namoyon bo‘ladi.
Ayni paytda mehmonlarning O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi ularda milliy tariximiz, ma’naviy-ma’rifiy ildizlarimiz, taraqqiyotga iltilgan yangi O‘zekistonimiz haqida unutilmas taassurot qoldirdi.
Shu tariqa, akademik bilimlar hayotiy tajriba bilan uyg‘unlashadi, til esa xalq tarixi va madaniyatini anglashning muhim vositasiga aylanadi.
O‘zbekiston va Oksford o‘rtasidagi yangi ko‘prik
Alohida ta’kidlash joizki, Yozgi maktab oddiy ta’lim dasturidan ancha keng tushunchadir. U O‘zbekiston va Oksfordni bilim, madaniyat, ilmiy izlanish va insonlararo muloqot orqali birlashtiruvchi o‘ziga xos ko‘prikdir.
Oksford talabalari uchun O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan bu kunlar o‘zbek tilini chuqur o‘rganish, xalqimizning tarixi va madaniyatini yaqindan his etish, yangi ilmiy qarashlar va tajribalarga ega bo‘lish imkonini yaratadi.
Bunday tashabbuslar xalqaro akademik aloqalarni mustahkamlash bilan birga, kelgusida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, ta’lim dasturlari, akademik almashinuvlar va yangi loyihalar uchun keng imkoniyatlar ochadi.
Eng muhimi, bu jarayon o‘zbek tilini jahon akademik makonida yanada kengroq namoyon etish, milliy ilmiy va madaniy merosimizni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish hamda o‘zbekshunoslik sohasining yangi ilmiy avlodini shakllantirishga xizmat qiladi.

Ishonchimiz komilki, Yozgi maktab ishtirokchilar uchun yangi bilim va ilmiy izlanishlar makoni, madaniy kashfiyotlar maydoni hamda samimiy do‘stliklar boshlanadigan muhitga aylanadi.
Zero, o‘zbek tili xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, tafakkuri, adabiyoti va ma’naviy dunyosiga olib kiruvchi betakror kalitdir. Bugun ana shu kalit Oksford va O‘zbekiston o‘rtasida yangi eshiklarni ochmoqda.
Yozgi maktab esa ana shu ezgu hamkorlikning navbatdagi muhim qadami sifatida yangi g‘oyalar, qo‘shma ilmiy izlanishlar, mustahkam do‘stlik va uzoq muddatli akademik hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Nazokat Usmonova, O‘zA