Ozarbayjon BMT maxsus ma’ruzachisi hisobotidagi da’volarni rad etdi
Ozarbayjon BMTning din va e’tiqod erkinligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi hisobotida mamlakatga nisbatan ilgari surilgan da’volarni rad etib, hujjatni tayyorlashda noxolis va biryoqlama yondashuvga yo‘l qo‘yilganini bildirdi.
“AzerTAJ” axborot agentligi xabariga ko‘ra, bu haqda Ozarbayjonning BMT huzuridagi doimiy vakolatxonasi birinchi kotibi Shahriyor Hajiyev BMT Bosh Assambleyasi 81-sessiyasi Uchinchi qo‘mitasida maxsus ma’ruzachi bilan o‘tkazilgan interaktiv muloqot chog‘ida ma’lum qildi.
Diplomat Ozarbayjon tomoni hisobotning 16 va 17-bandlarida keltirilgan da’volarni qat’iyan rad etishini ta’kidladi.
Ozarbayjon vakilining fikricha, maxsus ma’ruzachining hisobotga tasdiqlanmagan da’volarni kiritishi hujjatning xolisligi yuzasidan savollar tug‘diradi.
Diplomat BMTning maxsus tartib-taomillari doirasida faoliyat yurituvchi mandat egalari o‘z vazifalarini mustaqil, xolis va tashqi ta’sirlardan xoli tarzda bajarishi lozimligini ta’kidladi.
Shuningdek, nutqda Ozarbayjonda din va e’tiqod erkinligini ta’minlash, turli diniy jamoalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda diniy xilma-xillikni saqlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga to‘xtalib o‘tildi.
A.Mamatov, O‘zA