Narxlar qimmatlashuvi Ispaniya va Portugaliyada noroziliklarni kuchaytirmoqda
Iberiya yarimorolida 11-noyabr kuni umumiy ish tashlash bo‘yicha miting o‘tkazish imkoniyati muhokama qilinmoqda. Ispaniyadagi eng yirik kasaba uyushmasi - CCOO rahbari Unay Sordo bildirishicha, Portugaliyadagi hamkasblar ham shu sanadagi aksiyaga qo‘shilishni ko‘rib chiqmoqda.
Ispaniyada CCOO va UGT uyushmalari tashabbusi bilan ommaviy aksiya o‘tkazish rejasi avvaldan belgilangan. Endi uni ikki mamlakatni qamrab oladigan qo‘shma harakatga aylantirish masalasi ko‘tarilmoqda, biroq yakuniy qaror Portugaliya tomoniga bog‘liq.
Sordo ehtimoliy aksiyani portugaliyalik yozuvchi, Nobel mukofoti laureati Joze Saramago sharafiga “Saramago ish tashlashi” deb atashni taklif qildi.
Ikki o‘lkada ham ijara haqi va kundalik xarajatlar qimmatlashishi aholi noroziligini kuchaytirmoqda. Lissabon, Portu va Ispaniya shaharlaridagi namoyishchilar ish haqi bilan munosib uy-joy xarajatlarini qoplash tobora qiyinlashayotganini ta’kidlab, arzon va qulay turar joy talab qilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA