O‘zagroinspeksiya: 54 texnika noto‘g‘ri ishlatilgan, 1 ming 235 subsidiya rad etilgan
Qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilishda davlat tomonidan ajratiladigan subsidiyalardan samarali foydalanishni ta’minlash hamda subsidiya asosida xarid qilingan texnikalarning maqsadli ishlatilishini nazorat qilish “O‘zagroinspeksiya”ning muhim vazifalaridan biridir.
Hukumatning 2026-yil 28-apreldagi tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilning yanvar oyida 3 ming 330 dona, iyul va avgust oylarida esa 3 ming 520 dona qishloq xo‘jaligi texnikasi hamda lazerli yer tekislagichlardan maqsadli va samarali foydalanish holati joyiga chiqqan holda monitoring qilindi. Monitoring natijalariga ko‘ra, 29 dona, iyul va avgust oylarida esa 25 dona texnika va lazerli yer tekislagichlardan maqsadsiz hamda samarasiz foydalanish holatlari aniqlandi. Mazkur holatlar yuzasidan tuzilgan dalolatnomalar tegishli chora ko‘rish uchun Bosh prokuratura va Agrar sohada to‘lovlar agentligiga kiritildi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish uchun subsidiya olish bo‘yicha yuridik shaxslardan kelib tushgan 2 ming 597 ta hujjat Agrar sohada to‘lovlar agentligiga yuborildi. Agentlik tomonidan ushbu hujjatlarning 826 tasi bo‘yicha subsidiya ajratilgan, 1 ming 235 tasi rad etilgan, 536 tasi esa ko‘rib chiqilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, yangi qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish uchun subsidiya olishni istagan jismoniy va yuridik shaxslar doimiy ro‘yxatdan o‘tgan manzili bo‘yicha “O‘zagroinspeksiya”ning hududiy boshqarmasiga murojaat qilishlari mumkin.
“O‘zagroinspeksiya” matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, taqdim etilgan hujjatlar hamda texnikaning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidagi texnik ma’lumotlari tegishli axborot tizimi orqali real vaqt rejimida Agrar sohada to‘lovlar agentligiga yuboriladi. Hujjatlarni ko‘rib chiqish yakunida subsidiya ajratish yoki uni rad etish to‘g‘risidagi qaror Agentlik tomonidan qabul qilinadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA