O‘zA Senegal axborot agentligi bilan memorandum imzoladi
O‘zbekiston Respublikasining chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosati tufayli so‘nggi yillarda xorijiy davlatlar bilan do‘stona munosabatni rivojlantirish borasida sezilarli natijalarga erishilmoqda.
Mamlakatimizdagi ijobiy o‘zgarishlar dunyo hamjamiyatida yurtimizga nisbatan qiziqishni kuchaytirib, davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. Izchil islohotlar, o‘z navbatida, media tuzilmalari oldiga jahonning yetakchi axborot agentliklari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, muntazam axborot almashishni yo‘lga qo‘yish, dunyoda ro‘y berayotgan voqealar to‘g‘risida aholini xolis, haqqoniy axborot bilan tezkor ta’minlash vazifasini qo‘ymoqda.
Ta’kidlash joiz, so‘nggi yillarda mamlakatimizning Afrika qit’asi davlatlari bilan ham turli sohalardagi hamkorligi ko‘lami kengaymoqda. Ayni jarayonda mintaqada alohida o‘ringa ega Senegal bilan muntazam axborot almashish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shundan kelib chiqib, O‘zA Senegal Respublikasi bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Senegal axborot agentligi (Agence de Presse Sénégalaise – APS) bilan Anglashuv memorandumini imzoladi.

Mazkur tashabbusni Afrika mintaqasi bilan axborot sohasida sheriklik o‘rnatish yo‘lidagi dastlabki qadam, deyish mumkin. Hozirgacha mintaqaning biror davlati bilan ayni yo‘nalishda hujjat imzolanmagan.
Ma’lumot o‘rnida: Qarorgohi Dakar shahrida joylashgan Senegal axborot agentligi (APS) mazkur respublikaning rasmiy axborot agentligi bo‘lib, 1959-yilda tashkil etilgan. Asosan fransuz, ingliz, ispan va arab tillarida ma’lumot tarqatuvchi ushbu nashr Yevropa, Afrika va Osiyo bo‘ylab 10 ga yaqin hamkor bilan kelishuv imzolagan. Shuningdek, agentlik tasarrufida televideniye faoliyat ko‘rsatadi, oylik jurnal chop etiladi.
Ushbu muhim hujjatni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov va Senegal axborot agentligi rahbari Momar Diong onlayn tarzda imzoladilar.
Videomuloqot tarzida kechgan uchrashuvda A.Ko‘chimov jahon miqyosida OAV bilan aloqalarni mustahkamlash agentlik uchun strategik vazifa hisoblanishini qayd etdi.
– Ayni payt biz dunyoning ko‘pgina yirik axborot agentliklari bilan faol axborot almashyapmiz, – dedi O‘zA rahbari. – APS bilan sheriklik esa o‘quvchilarimizni nafaqat Senegal, balki butun mintaqa bilan bog‘liq voqea-hodisalardan tezkor xabardor qilish imkonini yaratadi. APS O‘zAning Afrika mintaqasidagi birinchi axborot hamkori.
E’tiborli jihati, mazkur memorandum ikki davlat o‘rtasida keng qamrovli hamkorlik doirasida mamlakatlarimiz hayotiga oid dolzarb mavzularni, mintaqaviy va global masalalarni yoritib borish, turli madaniyatlar o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashish orqali O‘zA va APS o‘rtasida xolis, ishonchli axborot maydoni yaratishga qaratilgan.
– O‘zA bilan sheriklik o‘rnatilayotganidan mamnunmiz, – dedi APS Bosh direktori Momar Diong. – Ta’kidlashim joiz, bu biz uchun Markaziy Osiyo mintaqasi bilan hamkorlik yo‘lidagi dastlabki qadam. O‘zAning fransuz tilida chiqadigan maqolalarini kuzatib boraman. Agentlik O‘zbekiston, mintaqa va jahon yangiliklarini ishonchli manba sifatida jamoatchilikka tarqatmoqda. Biz fransuz tilida so‘zlashuvchi mamlakat sifatida bu axborotlardan keng foydalanamiz va bo‘lishamiz.
Memorandumga muvofiq, endi ikki agentlik muntazam axborot va tajriba almashadi, maqola, foto va video lavhalardan o‘zaro foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
Darvoqe, Senegal axborot agentligi ham o‘z saytida O‘zA bilan hamkorlik memorandumi imzolangani haqida xabar berdi. Maqolada APS jamoasining xorijiy hamkorlari qatoridan Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi bo‘lib mamlakatimiz yetakchi rasmiy axborot agentligi o‘rin olganidan mamnunligi qayd etilgan. Shuningdek, samarali o‘zaro sheriklik davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga hissa qo‘shishiga ishonch bildirilgan.
O‘tkir Alimov, O‘zA