TDT doirasidagi muvofiqlashuv Ozarbayjon va O‘zbekistonning mintaqadagi strategik rolini kuchaytirmoqda
Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasidagi o‘zaro muvofiqlashuv Markaziy Osiyo – Kavkaz makonida yagona siyosiy-iqtisodiy blok shakllanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu jarayon mintaqaning an’anaviy ta’sir markazlari – AQSH, Rossiya, Eron va Xitoyni jalb qilgan holda yangi geosiyosiy dinamikani yuzaga keltirmoqda.

Siyosiy sharhlovchi, AzerTAJ muxbiri va Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi (IFJ) a’zosi Elmir Saftarov bu borada o‘z fikrlarini bildirdi:
– Ozarbayjon va O‘zbekistonning iqtisodiy hamda strategik salohiyati TDTning umumiy qudratini shakllantiruvchi asosiy omillardan hisoblanadi. Bu salohiyatdan samarali foydalanish tashkilot ichidagi integratsiyani tezlashtirib, mintaqaning global ahamiyatini oshiradi. Ayni damda muqobil tranzit yo‘laklarining ishga tushirilishi yangi iqtisodiy va strategik imkoniyatlarni ochib, TDT davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, siyosiy sur’atni oshirish va iqtisodiy mobillikni kengaytirishga xizmat qiladi. Natijada a’zo davlatlarning ko‘p vektorli diplomatiyasi mustahkamlanib, muvozanatni saqlash strategiyalari yanada samaraliroq amalga oshiriladi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatlarning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlab, tanlov makonini kengaytiradi.
Bu borada Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi nomi bilan mashhur bo‘lgan O‘rta yo‘lak alohida o‘rin tutadi. U Kavkazni Ozarbayjon orqali Markaziy Osiyo, shu jumladan O‘zbekiston va boshqa davlatlar bilan bog‘laydigan hamda kelajakda yanada raqobatbardosh logistika tizimiga aylanishi mumkin bo‘lgan tezroq va siyosiy jihatdan xavfsizroq muqobil tranzit yo‘li sifatida e’tirof etilmoqda.
O‘rta yo‘lakni kengaytirish orqali TDTga a’zo mamlakatlarning nafaqat tranzit daromadlarini oshirish, balki ularni jahon savdosining yanada kuchliroq ishtirokchilariga aylantirish mumkin. Umuman olganda, logistika imkoniyatlarining rivojlanishi davlatlarning siyosiy ta’sirini kuchaytiradi. Shu nuqtai nazardan, TDT davlatlari logistika va xavfsizlik sohasida yanada muvofiqlashgan siyosatni shakllantirishga intilmoqda.
Shu bilan birga, TDTning to‘laqonli, kuchli geosiyosiy ishtirokchiga aylanishiga to‘sqinlik qilayotgan qator qiyinchiliklar ham bor.
So‘nggi yillarda TDT iqtisodiy va madaniy hamkorlik bilan cheklanib qolmay, strategik muvofiqlashtirish markaziga aylanmoqda. Bu esa a’zo davlatlar o‘rtasidagi muvozanatni mustahkamlashga xizmat qilib, tashkilotni to‘laqonli geosiyosiy blok maqomiga yaqinlashtiryapti.
Ushbu jarayonda TDTga a’zo mamlakatlar hukumat rahbarlari/vitse-prezidentlarining Bokuda bo‘lib o‘tgan uchrashuvi alohida ahamiyat kasb etadi. Uchrashuv bejizga aynan Ozarbayjonda o‘tkazilmadi. Zero, ushbu davlat mintaqaviy jarayonlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri sifatida ham iqtisodiy, ham geosiyosiy sohada muhim rol o‘ynamoqda.
Uchrashuv doirasida yangi geosiyosiy tahdidlar muhokama qilinib, mavjud muammolar yuzasidan umumiy yondashuvlar va ularni hal etish bo‘yicha aniq choralar belgilab olindi. Qolaversa, hamkorlikning yangi strategik yo‘nalishlari bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi.
Zamonaviy dunyoda kuchlar muvozanati shiddat bilan o‘zgarib, yangi geosiyosiy voqeliklar shakllanmoqda, iqtisodiy jihatlar va xavfsizlik masalalari qayta ko‘rib chiqilmoqda, muqobil logistika yo‘nalishlariga qiziqish esa ortib bormoqda. Bunday sharoitda TDT mamlakatlarining muvofiqlashgan harakatlari alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois, Bokudagi uchrashuv shunchaki rasmiy tadbir emas, balki mintaqa rivojlanishining kelajakdagi siyosiy va iqtisodiy yo‘nalishlarini belgilab berishga qodir bo‘lgan muhim platformadir.
Aziza Alimova, O‘zA