OTB va “ACWA Power”dan O‘zbekistonga 116 million dollarlik “yashil” sarmoya
Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo taraqqiyot banki tadbirlari doirasida O‘zbekistonning “yashil energetika” sohasidagi yana bir yirik loyihasi bo‘yicha kelishuv imzolandi. OTB va Saudiyaning “ACWA Power” kompaniyasi Buxoro viloyatida 300 megavattli shamol elektr stansiyasini qurish uchun 116 million dollarlik moliyalashtirish sharti bo‘yicha bitim tuzdi.
Mazkur loyiha respublikamizda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tish jarayonini jadallashtirish, elektr ta’minoti barqarorligini oshirish va uglerod chiqindisini kamaytirishga xizmat qiladi.
Ushbu tashabbus OTBning 50 million dollarlik qarzi, tijorat banklaridan jalb qilinadigan 41 million dollar va LEAP-2 jamg‘armasidan 25 million dollarni o‘z ichiga oladi. OTB bu jarayonda muvofiqlashtiruvchi vazifasini bajaryapti.
“Bash-2” nomli shamol elektr stansiyasi 2023-yil amalga oshirilgan energetika loyihasining davomi hisoblanadi. Loyiha doirasida har biri 8 megavattgacha quvvatga ega 39 ta shamol turbinasi o‘rnatiladi. Shuningdek, yangi kichik stansiya va milliy elektr tarmog‘iga ulanish uchun havo elektr uzatish liniyasi quriladi.

OTB Xususiy sektor amaliyoti bo‘yicha bosh direktori Izabel Chatterton ta’kidlashicha, mazkur loyiha O‘zbekistonning toza energiya salohiyatini kuchaytiradi, energetika barqarorligini mustahkamlaydi va yuqori malakali yangi ish o‘rinlari yaratadi. OTB tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan shamol energetikasi quvvatini 2 gigavattdan oshiradi. Qolaversa, mamlakatda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish jarayoni xalqaro moliyaviy institutlar va xususiy sektor ishtirokida izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.
Bu tashabbus mahalliy iqtisodiyot uchun ham muhim ahamiyatga ega. Qurilish bosqichida kamida 800, keyinchalik 25 doimiy ish o‘rni paydo bo‘ladi. Ayniqsa, ayollar va qizlar qayta tiklanuvchi energetika sohasiga keng jalb qilinadi.
“ACWA Power” rahbari Muhammad Abunayyan aytishicha, ushbu kelishuv O‘zbekistonning toza energiyaga o‘tish bo‘yicha qat’iy siyosatini yana bir bor tasdiqlaydi. “Bash-2” loyihasi esa mintaqada yirik shamol energetikasi loyihalarini tijoriy asosda samarali amalga oshirish mumkinligini isbotlamoqda.
Darvoqe, dunyodagi eng yirik xususiy energetika va suvni chuchuklashtirish kompaniyalaridan biri sifatida tan olinadigan “ACWA Power” diyorimizda qator yirik shamol va quyosh energetikasi loyihalarini amalga oshirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA