Raqamli texnologiyalarni joriy etishda qanday muammolar mavjud?
Iqtisodiyot va moliya vazirligida elektron tijorat va axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda “IT Park” rezidentlari, marketpleyslar, mobil operatorlar, internet provayderlari, to‘lov tizimlari hamda boshqa tadbirkorlik sub’ektlari vakillari qatnashdi.
Uchrashuvda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, elektron tijorat sohasidagi mavjud muammolarni bartaraf etish va zamonaviy IT yechimlarini keng joriy qilish masalalari muhokama qilindi. Tadbirkorlar tomonidan sohada uchrayotgan ayrim to‘siqlar, xususan, elektron tijorat platformalari faoliyatidagi soliq tartiblari, tovarlarni klassifikatsiya qilish jarayonida QR-kod tizimini qo‘llash hamda raqamli xizmatlarni rivojlantirishga oid takliflar bildirildi.
Muloqotda so‘z olgan Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ul xodimi Sarvar Nazarov raqamli texnologiyalarni iqtisodiyotga keng tatbiq etish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
– Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun, avvalo, tadbirkorlar faoliyatida uchrayotgan muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etish muhim. Elektron tijorat, sun’iy intellekt va zamonaviy IT texnologiyalari iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirishda katta ahamiyatga ega. Mazkur uchrashuv esa sohadagi mavjud muammolarni aniqlash, ularning yechimlarini ishlab chiqish va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotni kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatli, – dedi u.
Shuningdek, tadbir davomida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash va raqamli xizmatlar bozorini kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi.
Yakunda ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va murojaatlar tegishli vazirlik va idoralarga yuborilishi, ular asosida amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilishi ma’lum qilindi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA