Ota-ona farzand uçun ibrat maktabidir
Qizilqumning jazirama issiği, çeksiz qumliklar orasida qad rostlagan Uçquduq şahri. Bu zaminda hayotning davomiyligi, sanoatning taraqqiyoti, odamlarning kundalik turmuşi suv bilan çambarças boğliq. Bu hayotiy ehtiyojni taʼminlaş yölida keçayu kunduz mehnat qilayotgan insonlar bor. Şimoliy kon boşqarmasiga qaraşli 3-nasos stansiyasi maşinisti Şerzod Botirov ham ana şunday masʼuliyatli kasb egalaridan biri.
3-nasos stansiyasi Şimoliy kon boşqarmasi korxonalari, xususan, 3-gidrometallurgiya zavodini texnik suv bilan, Uçquduq aholisini esa içimlik suvi bilan taʼminlaydi. Bu yerda suv oqimi heç qaçon töxtamaydi. Har soatda 1400 kub metr suv kuçli bosim ostida quvurlarga haydaladi. Bu bir daqiqada qariyb 23 ming litr suv degani. Ana şu ulkan oqimning uzluksizligini taʼminlaş, nasos agregatlarining sozligini nazorat qiliş, tizimdagi har bir özgarişni öz vaqtida seziş esa xodimdan yuksak bilim, tajriba va huşyorlikni talab etadi.

Şerzod Botirovning mehnat faoliyati ana şu masʼuliyatli stansiya bilan boğliq. U qariyb 15 yildan buyon Şimoliy kon boşqarmasining Issiqlik suv-gaz taʼminoti va oqova suv sexida nasos qurilmalari maşinisti bölib işlab kelmoqda. Navbatçilik davomida u faqat asbob-uskunalar körsatkiçlarini kuzatmaydi, balki butun tizimning barqaror işlaşi uçun javobgar. Bu yerda bir daqiqalik beparvolik ham katta muammolarga sabab bölişi mumkin.
1980-yilda Xatirçi tumanida tuğilgan Şerzodning bolaligi paxta dalalari, ariqlar va suv yöllari orasida keçgan. Otasi Normamat aka jamoa xöjaligida suvçi bölib işlagan. Şu bois kiçik Şerzod suvning qadrini, uning dehqon mehnatidagi örnini yoşligidan biladi. Otasiga yordam beriş uçun ketmon kötarib dalaga çiqiş, jöyaklarga suv taraş, uning oqimini boşqariş bolalik xotiralarining ajralmas qismiga aylangandi. Öşa paytlarda suvning miqdori bugungidek kub metrlar bilan ölçanmas, uning sarfi murakkab hisob-kitoblar asosida nazorat qilinmasdi. Dehqon uçun asosiysi suvni öz vaqtida va kerakli miqdorda ekin maydoniga yetkaziş edi. Normamat aka esa dala şaroiti, tuproqning holati, jöyaklarning uzunligi va suvning oqimidan kelib çiqib, qaysi maydon qaçon suvga tölişini yaxşi bilardi.
Şerzod ana şu muhitda ulğaydi. Balki öşanda u kelajakda suv bilan boğliq yanada murakkab va masʼuliyatli kasb egasi bölişini xayoliga ham keltirmagandir.
Biroq daladagi oddiy ariq va jöyaklar bilan sanoat korxonasidagi ulkan quvurlar tizimi örtasida katta farq bor. Bu yerda suv oqimini ketmon emas, nasos agregatlari, nazorat-ölçov asboblari va murakkab muhandislik tizimlari boşqaradi. Bilim, tajriba va tezkor qaror hal qiluvçi ahamiyatga ega.
Nasos stansiyasidagi iş jarayonini taşqi tomondan kuzatgan kişi uçun hammasi bir maromda keçayotgandek tuyulişi mumkin. Nasoslar işlayapti, körsatkiçlar meʼyorda, quvurlar orqali suv öz manziliga yetib bormoqda. Ammo bu osoyiştalik ortida doimiy nazorat, huşyorlik va katta masʼuliyat yotadi.

Elektr energiyasining kutilmaganda uzilişi nasos qurilmalari maşinisti uçun jiddiy sinov hisoblanadi. Oddiy xonadonda elektr çiroğining öçişi vaqtinçalik noqulaylik tuğdirişi mumkin. Ammo ulkan nasos stansiyasida bu holat butunlay boşqa oqibatlarga olib kelişi ehtimoli bor. Nasoslar tösatdan töxtaganda, quvurlardagi suv orqaga harakatlana boşlaydi. Bu esa mutaxassislar tilida “gidravlik zarba” deb ataladigan xavfli hodisani keltirib çiqarişi mumkin. Bunday vaziyatda tezkor çora körilmasa, quvurlar şikastlanişi, işlab çiqariş jarayonlari va aholi suv taʼminotida uzilişlar yuzaga kelişi mumkin.
Şerzod Botirovning qariyb 15 yillik mehnat faoliyati davomida bunday sinovli vaziyatlar ham köp bölgan. Ayniqsa, elektr taʼminotidagi kutilmagan uzilişlar paytida uning kasbiy mahorati va yillar davomida orttirgan tajribasi qöl kelgan. Qoronğilik qöynida, qöl fonari yoruğida asosiy quvurlarni berkitiş moslamalarini qölda boşqariş, suvning orqaga qaytişini töxtatiş, navbatçi dispetçer va avariya xizmati bilan tezkor aloqa örnatiş kabi masʼuliyatli vazifalarni bajarişga töğri kelgan. Zarur çoralar körilib, zaxira tizimlari işga tuşirilgan. Elektr taʼminoti tiklangaç, stansiya uskunalari yana işga tuşirilib, soatiga 1400 kub metr suv yetkazib beriş jarayoni davom etgan.
Bunday paytlarda maşinist uçun vaqt soniyalar bilan ölçanadi. Çunki uning tezkor qarori ortida nafaqat bir korxonaning işlab çiqariş rejasi, balki butun bir şahar aholisining kundalik hayoti ham mujassam.
Bugun suv masalasi faqat Uçquduq yoki muayyan bir sanoat korxonasining ehtiyoji bilan çeklanib qolmayapti. U butun insoniyat oldida turgan dolzarb ekologik muammolardan biriga aylanmoqda.
Maʼlumotlarga köra, mamlakatimizda foydalaniladigan suv resurslarining katta qismi qöşni respublikalar hududidagi toğlarda şakllanadi. Iqlim özgarişi, muzliklarning qisqarib borişi va suv zaxiralariga bölgan ehtiyojning ortişi şaroitida har bir tomçi suvning qadri yanada oşmoqda. Bunday şaroitda suvdan oqilona foydalaniş, uni tejaş, muqobil manbalarni özlaştiriş va zamonaviy suv tejovçi texnologiyalarni joriy etiş muhim ahamiyat kasb etadi.
Şimoliy kon boşqarmasida ham bu borada izçil işlar amalga oşirilmoqda. Keyingi yillarda “Beşbuloq suv inşootlaridan 3-GMZga suv taʼminoti” loyihasi işlab çiqilib, uning asosida qator yangi inşootlar barpo etildi. Jumladan, Beşbuloq va suvni yarim yuzaga kötariş kompleksida qöşimça 10 ta quduq, ikkita 8- va 9-nasos stansiyalari hamda suv saqlaş rezervuarlari qurildi. Şuningdek, Beşbuloqdan bosimli zaxira suv omborlarigaça diametri 500 millimetr bölgan, uzunligi 21 kilometrlik quvur yotqizildi.

Loyihaning yana bir muhim jihati şundaki, zavod texnologik jarayonlarida yuqori minerallaşgan yer osti suvlaridan foydalaniş yöliga ötildi. Bu esa Amudaryodan olinadigan suv sarfini sezilarli darajada kamaytiriş imkonini berdi. Bunday özgarişlar, yangi inşootlar va zamonaviy texnologiyalar Şerzod Botirov kabi soha xodimlari mehnatiga ham yangiça mazmun bağişlamoqda. Çunki ular suv taʼminoti tizimidagi islohotlarni faqat kuzatibgina qolmay, balki ularning amaldagi samarasini öz iş jarayonida his etmoqda.
Şerzodning hayotida yana bir eʼtiborli jihat bor. U faqat kasbiy tajriba bilan çeklanib qolişni istamadi. Yillar davomida orttirgan mehnat tajribasi unda bilim olişga, öz salohiyatini yanada oşirişga bölgan intilişni kuçaytirdi. Oliy maʼlumotli mutaxassis bölişni maqsad qildi. Eng qiziği, bu yölda farzandlarini ham öziga hamroh etdi.
Öğli va qizini qöşimça darslarga, repetitorga berdi. Ular örgangan bilimlarini uyda birgalikda muhokama qiliş, bir-birlariga tuşuntiriş imkonini yaratdi. Natijada bir oilada uç kişining – ota va ikki farzandning bir yilda oliy taʼlim muassasasiga öqişga kirişi quvonçli voqeaga aylandi. Bugun ularning barçasi Navoiy davlat konçilik va texnologiyalar universitetida tahsil olmoqda.
Şerzod Botirov farzandlariga taʼlim olişning ahamiyatini söz bilan emas, şaxsiy namunasi bilan körsatdi. Zero, farzand uçun ota-onaning özi hamişa eng katta ibrat maktabidir.
Laylo Karimova,
Şimoliy kon boşqarmasi axborot xizmati rahbari.
ÖzA