Ostonada kurash sportining xalqaro rivoji muhokama qilindi
Qozog‘iston poytaxtida o‘tayotgan “V-Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari” doirasida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi va Islom birdamlik sport assotsiatsiyasi mutasaddilari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda milliy sportimiz kurashning rivojlanishi, chempionatlar, hakamlar va murabbiylarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.
Islom birdamlik sport assotsiatsiyasi mutasaddilari kurash sporti haqida o‘zining ijobiy taassurotlarga ega ekanini bildirib, uning qoidalari umuminsoniy qadriyatlarga mosligi, halol bahosi kurashda ham, islom dinida ham eng oliy baho ekanini e’tirof etdi.
Muloqot davomida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, kurashning Islom birdamlik sport assotsiatsiyasi tizimidagi sport musobaqalaridagi qamrovini kengaytirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
Uchrashuv yakunida IKA va ISSA o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA