Osiyo taraqqiyot banki vakillari Qoraqalpog‘istonda
Joriy yilning 14-16-oktabr kunlari Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda "Qoraqalpog‘iston Respublikasida Osiyo taraqqiyot banki kunlari” media-missiyasi o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy 4-may kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 59-yillik yig‘ilishining ochilish marosimidagi nutqida 2030-yilga qadar barcha sohalarni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish orqali iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirish, daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirish hamda kambag‘allikka to‘liq barham berish maqsad qilinganini qayd etgan edi. Davlatimiz rahbari amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarda Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining o‘rnini alohida e’tirof etdi. OTB bilan amalga oshirilgan va joriy qo‘shma loyihalar portfeli qariyb 16 milliard dollarga yetdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi uchun alohida qabul qilingan 10-sonli farmonida Osiyo taraqqiyot banki bilan “iqtisodiy o‘sish yo‘lagi” munosabati asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha memorandumni imzolash vazifasi belgilangan. Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida joriy yilning 14-16-oktabr kunlari “Qoraqalpog‘iston Respublikasida - Osiyo taraqqiyot banki kunlari” media-missiyasi o‘tkazilmoqda.
Tadbir doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev bank vakillari bilan uchrashdi.
Unda Prezidentimiz rahbarligida Qoraqalpog‘istonda xalq farovonligi yo‘lida hayotga tadbiq etilayotgan yangilanishlar, amaliy ishlar, shu bilan birga, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar xalqimizning bugungi turmushidan roziligini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqayotgani ta’kidlandi. Ana shunday loyihalar qatorida mazkur bank ishtirokida yurtimizni Yevropa bilan bog‘lovchi A-380 xalqaro avtomobil yo‘lining 240 kilometri qismi rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.
Uchrashuv davomida yaqin sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish borasida ishlar davom ettirilishi alohida ta’kidlandi.

Shu mavzudagi uchrashuv Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida ham bo‘lib o‘tdi. Unda bugungi kunda mamlakatimizda aholi farovonligini ta’minlash, infratuzilma bilan bog‘liq muammolarga yechim topish borasidagi keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, bunda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida hayotga tatbiq etilayotgan yirik loyihalar muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
“Qoraqalpog‘iston Respublikasida Osiyo taraqqiyot banki kunlari” media-missiyasi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri