Osiyo paralimpiya qo‘mitasi ijrochi direktori O‘zbekistonda
Mamlakatimizda jahondagi paralimpiya tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, para sport sohasidagi dunyodagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda inklyuziv sport yo‘nalishidagi aloqalarni yanada kengaytirish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Shu kunlarda yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Osiyo paralimpiya qo‘mitasi (APC) bosh ijrochi direktori Tarek Suyeiy bilan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori R.Matkarimov o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuv jarayonida mazkur yo‘nalishdagi ishlar tahlil qilindi.

Muloqot davomida O‘zbekistonda matonatli sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, para sport yo‘nalishlari bo‘yicha zarur infratuzilmani yaratish, adaptiv jismoniy tarbiya va para sportda amalga oshirilayotgan ishlar hamda sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar ko‘rib chiqilib, hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatlari bo‘yicha takliflar bildirildi.

Universitetning paralimpiya sporti, inklyuziv sport va adaptiv jismoniy tarbiya yo‘nalishlaridagi faoliyati bilan tanishilib, o‘zaro tajriba almashish va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA