Navoiyda “Silk Road Uzbekistan” va “Talaba yugur” ommaviy yugurish marafoni o‘tkazildi
Navoiy shahrida talaba yoshlar hamda harbiy xizmatchilar o‘rtasida 3 kilometr masofaga mo‘ljallangan “Silk Road Uzbekistan” va “Talaba yugur” ommaviy yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi.
Islom Karimov shohko‘chasidan start olgan musobaqada 5 mingdan ortiq ishtirokchi va sportsevar yoshlar qatnashib, marra sari o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rdilar.
Mazkur ommaviy sport tadbiri mamlakatimizda yoshlarni jismonan sog‘lom, faol va barkamol etib tarbiyalash, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda sportni kundalik hayotning ajralmas qismiga aylantirish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda aholi, ayniqsa, yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunday tadbirlar nafaqat jismoniy faollikni oshirish, balki yoshlarda iroda, chidamlilik, intizom, maqsad sari intilish va jamoaviylik kabi muhim fazilatlarni shakllantirishga ham xizmat qiladi.
– Ushbu marafonda talabalar va harbiy xizmatchilarning birgalikda ishtirok etgani tadbirning ijtimoiy ahamiyatini yanada oshirdi, – deydi viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i Jasur Murtozayev. – Turli soha vakillarining bir maydonda jam bo‘lib, sport orqali o‘zaro bellashishi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni faol hayot tarziga yo‘naltirish va jamiyatda sog‘lom muhitni mustahkamlashga xizmat qiladi. Yugurishning ommaviy sport turi sifatida keng targ‘ib etilishi ham muhim ahamiyatga ega. U maxsus murakkab sharoit yoki katta xarajat talab qilmaydigan, turli yosh va jismoniy tayyorgarlikdagi insonlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan sport turlaridan biri hisoblanadi. Shu jihatdan, minglab yoshlarni qamrab olgan marafonlar aholi o‘rtasida jismoniy faollik madaniyatini shakllantirishning samarali usullaridan biridir. Bunday tadbirlar yoshlarni sportga qiziqtirish bilan birga, ularda sog‘lom raqobat muhitini shakllantiradi. Belgilangan masofani bosib o‘tish va marraga yetib borish jarayonining o‘zi ishtirokchilardan matonat va qat’iyatni talab qiladi. Bu esa sportning inson tarbiyasidagi muhim ahamiyatini ko‘rsatadi.
[gallery-31477]
Marafon yakunida g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari