Osiyo o‘yinlari: Umumiy jadvalda vaziyat qanday?
Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida davom etayotgan XX Osiyo o‘yinlarining 22-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan bellashuvlari yakuniga ko‘ra, umumiy medallar jadvalida bir qator o‘zgarishlar ro‘y berdi.
Quvonarlisi, ushbu kunda delegatsiyamiz hisobiga uchta medal qo‘shildi. Jumladan, ushu bo‘yicha bahslarda Darya Latisheva 19,413 ball jamg‘arib, kumush medalga sazovor bo‘ldi. Aralash jang san’atining an’anaviy yo‘nalishida -60 kilogramm vazn toifasida bahslashgan Hilola Sobirova hamda modern yo‘nalishida 60 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ishtirok etgan Firdavs Atamuradov ham kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, delegatsiyamiz 1 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza medal bilan umumiy jadvalning 9-pog‘onasidan joy oldi.
Medallar jadvalida Xitoy 35 ta oltin, 13 ta kumush va 9 ta bronza, jami 57 ta medal bilan peshqadamlik qilmoqda. Yaponiya 11 ta oltin, 17 ta kumush va 19 ta bronza medal bilan ikkinchi, Janubiy Koreya 6 ta oltin, 5 ta kumush va 18 ta bronza medal bilan uchinchi o‘rinda.
Kuchli o‘nlikdan Qozog‘iston 6 ta oltin, 2 ta kumush va 5 ta bronza, Tailand 4 ta oltin va 1 ta kumush, Gonkong 3 ta oltin, 5 ta kumush va 5 ta bronza, Tojikiston 2 ta oltin, 1 tadan kumush va bronza, Hindiston 1 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza, O‘zbekiston 1 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza, Xitoy Taypeyi 1 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza medal bilan qayd etilgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA