Osiyo o‘yinlari: Sohil voleybolida hamyurtlarimiz Qozog‘iston jamoasini mag‘lub etdi
XX yozgi Osiyo o‘yinlari doirasidagi sohil voleyboli bahslarida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi a’zolari Azamat Dauilbayev/Dilshodbek Toliboyev juftligi guruh bosqichidagi navbatdagi uchrashuvda muvaffaqiyatga erishdi.
Yurtdoshlarimiz sohil voleybolining “G” guruhidagi murakkab kechgan o‘yinda Qozog‘iston terma jamoasi a’zolari Muhammadov/Yakovlev juftligini 2:1 hisobida mag‘lub etdi.
Uchrashuvning birinchi davrasida hamyurtlarimiz 21-14 hisobida mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, qolgan 2 ta o‘yinda, 16-21 va 12-15 ko‘rinishida ustunlikka erishdi.
Endi yurtdoshlarimiz guruh bosqichidagi navbatdagi o‘yinni Yaponiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Sohil voleyboli dasturiga muvofiq, O‘zbekiston-Yaponiya terma jamoalari ishtirokidagi bahs 25-sentabr kuni o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, guruh bosqichining ilk o‘yinida hamyurtlarimiz Xitoy jamoasiga 0:2 hisobida, Qozog‘iston jamoasi esa 1:2 ko‘rinishida Yaponiyaga ochko taqdim etgandi.
XX yozgi Osiyo o‘yinlarining sohil voleyboli musobaqalari 3-oktabrga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA