Xotin-qizlar yetakchiligi va mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Keyingi yillarda Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch, ochiq muloqot va qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashda parlamentlararo hamkorlik alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi faol ishtirokini kengaytirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar mintaqa davlatlarini yanada yaqinlashtirmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuv mazmunan muhim ahamiyat kasb etdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze bilan muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuvda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon yetakchi ayollari muloqoti doirasida amalga oshirilayotgan hamkorlik ishlari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar mazkur muloqot platformasi qisqa vaqt ichida xotin-qizlar yetakchiligini qo‘llab-quvvatlash, ularning siyosiy va ijtimoiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish hamda dolzarb mintaqaviy tashabbuslarni ilgari surishga xizmat qilayotgan samarali maydonga aylanganini alohida ta’kidladilar.
Suhbat chog‘ida muloqotga raislik vakolati O‘zbekiston tomoniga o‘tgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Shuningdek, o‘tgan yilgi kelishuvlar asosida Senat tomonidan muloqotning yillik dasturi ishlab chiqilgani ma’lum qilindi. Tomonlar raislik muddatini ikki yilga uzaytirish va doimiy kotibiyat faoliyatini yo‘lga qo‘yish tashabbuslari yuzasidan ham fikr almashdilar. Bu esa platformaning institutsional asoslarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida 2026-yil sentabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan yosh parlament a’zolarining 12-global konferensiyasiga tayyorgarlik masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazining ushbu nufuzli anjumanda ishtiroki hamda “Yoshlarning preventiv diplomatiyadagi o‘rni” mavzusida sayd-ivent tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda ayollar va yoshlarni turli zo‘ravonlik holatlaridan himoya qilish, bu borada qo‘shma seminarlar o‘tkazish, ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish va o‘zaro tajriba almashish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar mazkur yo‘nalishlarda tizimli hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.
Uchrashuv yakunida Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va hamjihatlikni ta’minlashda xotin-qizlar va yoshlarning faol ishtiroki muhim omil ekani qayd etildi. Shuningdek, bunday muloqotlar mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, umumiy maqsad va tashabbuslarni birgalikda ilgari surishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri