Osiyo chempionati eshkak eshuvchilarimiz uchun omadli boshlandi
Baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Xitoyda o‘tayotgan Osiyo chempionatida qit’amizning turli davlatlaridan kelgan sportchilar qatori hamyurtlarimiz ham muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Chempionatning ilk kunida mahoratli eshkak eshuvchimiz Shahriyor Mahkamov K-1 yo‘nalishida 1000 metr masofaga o‘tgan bahslarda oltin medalga sazovor bo‘ldi. Mirjalol Komilov esa ushbu masofaga C-1 bo‘yicha o‘tgan poygalarda kumush medal bilan taqidrlandi. C-2 (1000 m) bellashuvlarida Nurislom To‘xtasin o‘g‘li va Kamronbek Axtamov tandemi marragi ikkinchi bo‘lib yetib keldi.

Shuningdek, ayollar o‘rtasida C-2 tasnifida o‘tgan 1000 metr masofadagi bellashuvlarda Xonzoda Erkinova / Muattarxon Qodirjonova juftligi bronza medalini qo‘lga kiritdi. Milana Dushev-Yanich esa K-1(1000 m)da Shahrizoda Mavlonova hamda Ozodjon Amriddinov dueti K-2 bo‘yicha mikst (500 m) bahslarida uchinchi pog‘onadan joy oldi.
Shu tariqa, musobaqaning birinchi kun bellashuvlaridan so‘ng O‘zbekiston milliy terma jamoasi 1 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medalini jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA