Chortoqda “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi
FOTOREPORTAJ
Joriy yilda respublika bo‘ylab bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi kubogi uchun “Shunqorlar” harbiy-sport musobaqasining tuman (shahar) bosqichiga start berildi.
Mazkur musobaqa doirasida “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyat kengashi tasarrufidagi Chortoq o‘quv-sport texnika markazi bazasida musobaqaning tuman bosqichi o‘tkazildi.
Unda tumandagi 27 ta umumta’lim maktabi va texnikumlardan 270 nafar “Vatan tayanchi” otryadlari a’zolari ishtirok etdi. Qatnashchilar saf tayyorgarligi, “Tarix bilimdoni”, harbiy estafeta, 100 metrga yugurish, turnikda tortilish, granata uloqtirish, pnevmatik quroldan o‘q otish hamda uzoq masofaga yugurish shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.
Tuman bosqichi yakuniy natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni 54-sonli maktabning “Temuriylar” jamoasi, 2-o‘rinni 6-sonli maktabning “Shunqorlar” jamoasi, 3-o‘rinni esa 21-sonli maktabning “Matonat” jamoasi egalladi.
G‘olib bo‘lgan 54-sonli maktabning “Temuriylar” jamoasi musobaqaning viloyat bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
[gallery-28983]
Tantanali taqdirlash marosimida “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyat kengashi raisi A. A’loxo‘jayev, Chortoq tumani hokimi I. Sattorov, sektor rahbarlari, tuman mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i, hamkor davlat va jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
G‘olib va sovrindorlarga faxriy yorliqlar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA