Orolbo‘yida xalqaro oila kuni keng nishonlandi
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida 15-may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi o‘rinbosari R.Nurazizov yig‘ilganlarni sana munosabati bilan tabrikladi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida oilaning jamiyat hayotidagi o‘rnini oshirish, uni ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, oilalarda o‘zaro hamjihatlik, tinchlik, totuvlik muhitini yanada kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Darhaqiqat, xalqimiz azaldan oilani Vatan ichidagi Vatan, jamiyatimizning asosiy bo‘g‘ini, milliy qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan muqaddas dargoh sifatida alohida qadrlab va e’zozlab kelgan. Chunki, barcha ezgu ishlar oiladan boshlanib, undan mahallaga va jamiyatga kirib boradi.

Tantanali bayram tadbirida shahar va tumanlardagi mahallalarning namunali oila egalariga “Ibratli oila” ko‘krak nishoni topshirildi. Shuningdek, “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘oliblari munosib taqdirlandi.
Tadbir san’at ustalarining bayram konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.