“Kovuldi” fabrikasi ish boshladi
FOTOREPORTAJ
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga qaratilgan yana bir yirik investitsiyaviy loyiha — yuqori texnologik imkoniyatlarga ega “Kovuldi” oltin saralash fabrikasi foydalanishga topshirildi.
Mazkur fabrika zamonaviy texnologiyalar asosida barpo etilgan bo‘lib, unda rudani saralash, qayta ishlash va samaradorlikni oshirishga xizmat qiluvchi ilg‘or uskunalar o‘rnatilgan. Loyihaning muhim jihatlaridan biri shundaki, qurilish-montaj ishlari hamda texnologik jihozlarni o‘rnatish jarayonlari kombinatning ichki imkoniyatlari va mahalliy mutaxassislar salohiyati asosida amalga oshirildi.
Qayd etilganidek, bu mahalliylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasini, shuningdek, kombinat muhandis va mutaxassislarining yuqori kasbiy mahoratini yaqqol namoyon etmoqda.
[gallery-29442]
Fabrikaning tantanali ochilish marosimida kombinat rahbariyati, xorijiy hamkorlar, Olmaliq shahar hokimligi mas’ullari, mehnat faxriylari va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda ramziy lenta qirqilib, yangi ishlab chiqarish quvvati rasman ishga tushirildi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur fabrika faoliyati ishlab chiqarish hajmini oshirish, resurslardan samarali foydalanish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, korxonada sanoat xavfsizligi, ekologik barqarorlik va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgani qayd etildi.
O‘zA