O‘quv-simulyatsiya markazi ochildi
Mamlakatimizda tez tibbiy yordam xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda olib borilayotgan istiqbolli loyihalar o‘z samarasini beryapti.
Respublika tez tibbiy yordam markazi Namangan viloyati filialida tantanali ravishda ochilgan tez tibbiy yordam xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlashga ixtisoslashgan o‘quv-simulyatsiya markazi Koreya Respublikasining xalqaro sog‘liqni saqlash jamg‘armasi – “KOFIH” hamkorligidagi “O‘zbekistonda shifoxonagacha tez tibbiy yordam xizmati salohiyatini oshirish” grant loyihasi natijasidir.

Shifoxonagacha bo‘lgan bosqichda tibbiyot xodimlarining kasbiy salohiyati va amaliy ko‘nikmalarini oshirish orqali aholiga ko‘rsatilayotgan tez tibbiy yordam sifatini yaxshilashga qaratilgan mazkur markaz ochilishida Namangan viloyati hokimligi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, “KOFIH” jamg‘armasi mutasaddilari, soha vakillari ishtirok etdilar.

Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori o‘rinbosari Farrux Asqarxo‘jayev ta’kidlab o‘tganidek, tez tibbiy yordam tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar sharoitida xodimlarni muntazam ravishda tayyorlash va qayta tayyorlash, ularni zamonaviy bilim hamda amaliy ko‘nikmalar bilan ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Markaz bazaviy va kengaytirilgan reanimasiya, shifoxonagacha bo‘lgan jarohatlar, shoshilinch tug‘ruq va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitish uchun zamonaviy simulyatorlar bilan jihozlangan. Bu yerda tez tibbiy yordam xodimlari zamonaviy simulyatorlar yordamida shoshilinch vaziyatlarda harakat qilish, zarur tibbiy muolajalarni bajarish va tezkor qaror qabul qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

“KOFIH” jamg‘armasining sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha mutaxassisi Ju Singxvanning qayd etishicha, 2019-yilda boshlangan keng ko‘lamli loyihaning dastlabki bosqichi 2023-yili yakunlangan. Uning doirasida Toshkent va Samarqand shaharlarida zamonaviy o‘quv-simulyatsiya markazlari tashkil etildi. Buning uchun Janubiy Koreya tomonidan 2,8 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ sarflandi. 2024-yilda loyihaning ikkinchi bosqichiga start berilib, unda yurtimizning barcha hududlarida o‘quv-simulyatsiya markazlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, uni amalga oshirish uchun 8 million dollar ajratildi.

– Yangi yangi markazimizning ishga tushirilishi tez tibbiy yordam xodimlarini zamonaviy talablar asosida tayyorlash, ularning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash va shoshilinch holatlarda tezkor hamda samarali harakat qilish qobiliyatini oshirishga xizmat qiladi, – deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi Namangan viloyati filiali direktori Adhamjon Irisboyev. – Shifokorlar, feldsherlar va haydovchilarni o‘qitish uchun mo‘ljallangan zamonaviy simulyatorlar bilan jihozlangani e’tiborga molik. Mashg‘ulotlar bazaviy va kengaytirilgan reanimatsiya, chaqaloqlar reanimatsiyasi, pediatriya amaliyotida bazaviy reanimatsiya, shifoxonagacha bo‘lgan bosqichda jarohatlarda yordam ko‘rsatish, shoshilinch tug‘ruq va shu kabi ikki yuzdan ortiq boshqa muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi. O‘quv markazi beg‘araz berilgan 12 dona sun’iy intelektli mulyaj, bir dona sanitar avtomashinasi mulyaji, shifoxonagacha bo‘lgan tez tibbiy yordam ko‘rsatish uchun 40 xildan ortiq anjomlar bilan jihozlandi. Shuningdek, olis hududlarda faoliyat yurituvchi tez tibbiy yordam xodimlarini o‘qitish uchun mobil uskunalar ham mavjud.

Ta’kidlash lozimki, ayni vaqtda Respublika tez tibbiy yordam markazi Namangan viloyati filialida 237 ta tez tibbiy yordam brigadasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Jumladan, 16 ta reanimatsiya, 167 ta umumiy shifokorlik, 49 ta feldsherlik va 5 ta psixiatriya brigadasi aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Umuman olganda, filialda jami 6 ming 111 xodim faoliyat yuritib, ularning 1098 nafari shifokorlar, 3 ming 440 nafari o‘rta tibbiyot xodimlari, 1 ming 304 nafari haydovchilar va 72 nafari boshqa toifadagi xodimlardir.

Darvoqe, yangi markazda o‘quv mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish va mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirish maqsadida tez yordam filialining to‘rt nafar xodimini Koreya Respublikasiga trenerlarni tayyorlash yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv kursiga yuborish rejalashtirilgan.
Bir so‘z bilan aytganda, yangi o‘quv-simulyatsiya markazi ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, tibbiyot xodimlarining kasbiy mahoratini mustahkamlash va aholiga ko‘rsatilayotgan shoshilinch tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri