Sun’iy intellekt va ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Von Do Yon bilan uchrashdi.
Muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasida sun’iy intellekt, raqamli ta’lim, robototexnika va raqamli hukumat yo‘nalishlaridagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda 2026-yil sentabr oyida ikki davlat rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan «Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi» sammitida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi qadamlar muhokama qilindi.

Xususan, O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar (R&D) faoliyatini kengaytirish hamda ushbu jarayonga Koreyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarini jalb etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, Seul milliy universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki muloqotlar olib borilayotgani qayd etildi. Bu esa ilmiy salohiyatni oshirish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish va yangi ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish uchun muhim imkoniyatlar yaratishi mumkin.

Tomonlar robototexnika hamda sanoat tarmoqlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish borasidagi hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qildilar.
Mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlik ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, innovatsion yechimlarni keng joriy etish va zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish uchun yangi imkoniyatlar ochishi mumkin.
Uchrashuvda aholining, ayniqsa, yoshlarning sun’iy intellekt bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish masalasiga ham alohida urg‘u berildi. Shu nuqtai nazardan, «Besh million sun’iy intellekt yetakchilari» loyihasi doirasida Koreyaning onlayn kurslarini joriy etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Bunday tashabbuslar yoshlarning zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishi, raqamli iqtisodiyot talablariga mos bilim va ko‘nikmalarni egallashi hamda xalqaro tajribadan foydalanishiga xizmat qilishi mumkin.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan tashabbuslarni izchil amalga oshirish, tegishli tashkilotlar o‘rtasidagi muloqotni davom ettirish va O‘zbekiston — Koreya raqamli hamkorligining yangi yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha kelishib oldilar.
Mazkur muloqot ikki mamlakat o‘rtasida ilg‘or texnologiyalar, innovatsiyalar va raqamli ta’lim sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
Nigora Rahmonova, O‘zA