"Ombudsman maktabi": ochiq muloqotlar
Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri. Bu borada Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslar aholi o‘rtasida katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Ana shunday loyihalardan biri — “Ombudsman maktabi” platformasi bo‘lib, uning doirasida respublika hududlarida aholi bilan ochiq muloqotlar, huquqiy targ‘ibot tadbirlari va sayyor qabullar tashkil etilmoqda.
Navbatdagi ochiq muloqot Buxoro viloyati Buxoro tumanidagi “Istiqbol” mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazildi. Unda mahalla ahli, faollar, yoshlar va xotin-qizlar ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan huquqiy masalalar yuzasidan mutaxassislardan atroflicha ma’lumot oldi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etayotgan kiberjinoyatchilik va moliyaviy firibgarlikning oldini olish choralari haqida tushunchalar berildi. Shuningdek, mehnat munosabatlari, ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish tartiblari, mehnat huquqlarining himoya qilinishi, tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarida fuqarolarning huquq va majburiyatlari haqida ham batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan huquqiy himoya, ijtimoiy ta’minot, murojaat qilish tartiblari va boshqa masalalar yuzasidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan aniq va huquqiy asoslangan javoblar qaytarildi.

–Avvalo, mazkur loyiha aholining huquqiy bilimlarini oshirishga xizmat qiladi, –deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Xuseynova. –Ko‘p hollarda fuqarolar o‘z huquqlarini bilmagani sababli turli muammolarga duch keladi. “Ombudsman maktabi” orqali biz odamlarga huquqlarini anglatish, ularni himoya qilish mexanizmlarini tushuntirish va murojaat qilish madaniyatini shakllantirishni maqsad qilganmiz. Bugungi kunda kiberjinoyatchilik, internet orqali firibgarlik holatlari, mehnat huquqlari va mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq masalalar dolzarb hisoblanadi. Shuning uchun ushbu mavzular bo‘yicha aholining huquqiy savodxonligini oshirishga alohida e’tibor beryapmiz. Sayyor qabullar fuqarolar muammolarini joyiga chiqqan holda o‘rganish imkonini beradi. Bu orqali odamlar markazlarga borib ovora bo‘lmasdan, o‘z yashash hududida turib murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Har bir murojaat qonunchilik asosida ko‘rib chiqilib, tegishli choralar belgilanadi.

Ochiq muloqotdan so‘ng Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan sayyor qabul ham tashkil etildi. Qabul jarayonida fuqarolarning ijtimoiy himoya, mehnat munosabatlari, huquqiy yordam va boshqa masalalar bo‘yicha murojaatlari qabul qilinib, ularni hal etish yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.
“Ombudsman maktabi” loyihasi aholi huquqiy savodxonligini oshirish, inson huquqlarini ta’minlash va fuqarolar bilan davlat idoralari o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, mahallalarda o‘tkazilayotgan ochiq muloqotlar va sayyor qabullar odamlarning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va ularga yechim topishda samarali maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.


Inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash yo‘lida bunday tashabbuslarning izchil davom ettirilishi aholining davlat va jamiyat institutlariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri