13 kilogramm geroinning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi
Buxoro viloyatidagi “Olot” chegara bojxona postida mamlakatimiz hududi orqali yirik miqdordagi giyohvandlik vositasini noqonuniy olib o‘tishga urinish fosh etildi.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda “Olot” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbirda katta miqdordagi geroin moddasi aniqlandi.
“Olot” chegara bojxona posti orqali Afg‘onistondan Rossiya Federatsiyasi tomon harakatlanayotgan yuk avtotransport vositalaridan biri belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Zamonaviy inspeksion ko‘rik majmuasi orqali olingan tasvirlarni tahlil qilish jarayonida bojxona xodimlari yuk tarkibidagi ayrim shubhali holatlarga e’tibor qaratdi.

Avtotransport vositasida jami 18,6 tonna qadoqlangan o‘rik qoqisi yuklangan bo‘lib, rentgen tasvirlari chuqur o‘rganilganda ayrim quti va qadoqlarda noodatiy jismlar mavjudligi aniqlangan. Shundan so‘ng yuk belgilangan tartibda, xolislar ishtirokida batafsil ko‘zdan kechirildi.

Tekshiruv davomida 13 ta qog‘oz quti ichidagi o‘rik qoqilari orasiga maxsus usulda yashirilgan, tashqi ko‘rinishi jihatidan aynan o‘rik qoqisiga o‘xshatib tayyorlangan shubhali moddalar topildi. Mazkur moddalar mahsulotlarga aralashtirilgan holda joylashtirilgan bo‘lib, ularni oddiy ko‘z bilan ajratish deyarli imkonsiz edi.
Ekspert-kriminalistika tekshiruvlari natijalariga ko‘ra, aniqlangan moddalar umumiy og‘irligi qariyb 13 kilogramm bo‘lgan “geroin” giyohvandlik vositasi ekani ma’lum bo‘ldi.

Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, bojxonachilar tomonidan to‘xtatib qolingan mazkur giyohvandlik vositasining xalqaro qora bozordagi qiymati taxminan 1,5 million AQSH dollariga teng. Eng muhimi, ushbu tezkor tadbir natijasida minglab dozadagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmaga kirib borishiga, insonlar salomatligiga, ayniqsa, yoshlar kelajagiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan jinoiy harakatlarga o‘z vaqtida barham berildi.

Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, voqeaga aloqador shaxslarni aniqlash va jinoyatning barcha jihatlarini o‘rganish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri