Oltinko‘llik yoshlar g‘olib bo‘ldi
Andijonda “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” hamda “Prezident Olimpiadasi” sport musobaqalarining hududiy bosqichi – “Hokim Olimpiadasi” doirasida velosport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat sport boshqarmasi, velosport assotsiatsiyasi hamkorligida Andijon tumanida o‘tkazilgan bahslarda mazkur musobaqaning tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh velosportchilar ishtirok etib, o‘zlarining kuch, mahorat va iqtidorlarini sinovdan o‘tkazdi.


Musobaqalar velosportning shosse turi bo‘yicha miks yo‘nalishida tashkil etildi.


Qiziqarli o‘tgan bahslarning yakuniy natijalariga ko‘ra, musobaqada umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni Oltinko‘l tumani velosportchilari qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Ulug‘nor tumani, uchinchi o‘rin esa Marhamat tumani vakillariga nasib etdi.


Musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan diplom, tegishli medal va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.