Oltin va kumush medallar qo‘lga kiritdi
Qirg‘iziston Respublikasida o‘tkazilayotgan VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida ishtirok etayotgan sirdaryolik sportchilar munosib natijalarni qayd etmoqda. Musobaqalarda viloyat vakillari belbog‘li kurash va qirg‘iz kurashi bo‘yicha oltin va kumush medallarga sazovor bo‘lishdi.
Jumladan, Cho‘lpon-Ota shahrida belbog‘li kurash bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida Guliston davlat pedagogika instituti talabasi Sardorbek Axatqulov 82 kilogramm vazn toifasida bahs olib bordi.

U musobaqa davomida barcha raqiblaridan ustun kelib, final bosqichida ham g‘alabani qo‘lga kiritdi va chempionatning oltin medali sohibi bo‘ldi. Yana bir sirdaryolik sportchi — Xovos tumani 2-sonli sport maktabi tarbiyalanuvchisi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Xusanboy Abdulhakimov ham xalqaro maydonda o‘z mahoratini namoyish etdi.
Qirg‘iz kurashi bo‘yicha 84 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Husanboy Abdulhakimov murosasiz va qizg‘in kechgan bahslarda munosib ishtirok etib, musobaqaning kumush medalini qo‘lga kiritdi.

Bu natijalar nafaqat sportchilarning shaxsiy yutug‘i, balki Sirdaryoda sportni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning professional sportdagi salohiyatini yuzaga chiqarish borasida olib borilayotgan ishlar samarasini ham namoyon etadi.

— Sirdaryolik yosh sportchilarning nufuzli xalqaro musobaqalarda oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritgani viloyat sporti uchun muhim natija bo‘ldi. Bu yutuqlar ortida sportchilarning mashg‘ulotlardagi izlanishi, murabbiylarning mehnati va ular uchun yaratilgan sharoitlar mujassam, — deydi Sirdaryo viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov.
Uning ta’kidlashicha, bugun viloyatda yoshlarni sportga keng jalb etish, ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, sport maktablarida mashg‘ulotlar sifatini oshirish hamda yuqori natija ko‘rsatishga qodir sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
— Hali oldinda bizni ko‘plab musobaqalar kutmoqda. Sportchilarimiz belbog‘li kurash va qirg‘iz kurashi bilan bir qatorda, sportning boshqa turlarida ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilishiga ishonamiz. Buning uchun viloyatimizda zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Davlatimiz rahbarining sportga qaratayotgan yuksak e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi natijasida yoshlarimiz zamonaviy sport inshootlarida muntazam shug‘ullanib, tajribasini oshirib bormoqda. Qirg‘izistonda sirdaryolik yoshlar tomonidan qo‘lga kiritilgan ushbu medallar ham ana shu tizimli ishlar samarasidir, — deydi Anvar Bo‘ronov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri