Oltiariqlik bog‘bon bir tup daraxtda bir necha meva parvarishlamoqda (+video)
Farg‘ona viloyatida Oltiariq tumani haqida gap ketsa, bu yer aholisining mirishkorligi, tadbirkorligi, albatta, tilga olinadi. Yer bilan tillashish, undan bir yilda uch-to‘rt marotaba hosil olish ham mo‘’jizadir.
Oltiariqning har bir dalasi, har bir hovlisi bunga amaliy dalil bo‘la oladi. Ustozlardan biri yozganidek, bu yerda agar ko‘chaga mashinadan bir kaft tuproq tushib qolsa, tadbirkorlar o‘sha joyda ham bir nima ekib ko‘kartiradi. Haqiqatan, oltiariqliklar yerni e’zozlaydi va shunga yarasha uning rohatidan bahramand bo‘lib kelyapti.
Tumandagi Shodlik mahallasida istiqomat qilib kelayotgan Abdulvohid Mirzajonov mirishkor bog‘bonlardan. Uning tomorqasidagi bog‘idan bir tupda bir necha xil meva soladigan daraxtlarni topish mumkin.
Dadasi Sobirjon aka, onasi Tojixon ayadan yerga mehr berishni o‘rgandi. Kaftdek yerdan daromad olish uchun ilm va mehnat kerakligini his etib, izlandi. Ko‘chatchilik bo‘yicha juda ko‘p tajribali dehqonlar bilan muloqot qilib, bu borada tinmay o‘rgandi. Ko‘chatlarni payvand qilish bo‘yicha o‘ziga xos maktab yarata oldi.
Payvand – bir o‘simlikka ikkinchi o‘simlikning kurtagini ulash bo‘lib, payvandlashning bir qancha usullar bor. Barcha usullar o‘simlik navini yaxshilash va undan yuqori hosil olish maqsadida amalga oshiriladi. Oltiariqlik bog‘bon yangiliklar yaratish yo‘lida doimo harakatda. Birgina misol, meva bargga olma payvand qilgani ham hayratlanarli.
– Tabiatga hech kim to‘sqinlik qilolmaydi. Ammo mehnat qilgan odam baribir mehnatining samarasini ko‘radi. Xalqqa qilganing o‘zingga qilganing – vatanga qilganing. Bu oliyjanob ish aslida, – deydi bog‘bon.
Abdulvohid aka 20 yildan beri 4 sotixli tomorqasini kattagina boqqa aylantirgan. Qizig‘i, bog‘bon yeriga biror marta traktor yoki boshqa texnikalarni kiritmagan, qo‘l mehnati bilan ishlov beradi doim. Sohibkor bog‘bon Oltiariqqa Yaponiyaning mashhur “Rim yoquti” navli uzumning novdasini olib kelib, payvandlab parvarishlayapti.
Bog‘bonning ish jarayoni bilan videolavhada batafsil tanishishingiz mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ASM5fwKWaDM" title="Oltiariqlik bog‘bon bir tup daraxtda bir necha mevaparvarishlamoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>M.Sulaymonov, O‘zA